Gazetaning xabar berishicha, amerikalik milliarder siyosiy faolligini kuchaytirib, yana respublikachilarga yirik xayriyalar ajratishni boshlagan hamda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarini tiklagan. Bu holat 2026 yil noyabrida o‘tkaziladigan Kongressga oraliq saylovlar bilan bog‘lanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon Ilon Mask respublikachi Neyt Morrisning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 mln dollar yo‘naltirgan. Uzoq yillik senator Mitch Makkonnell siyosatdan ketganidan so‘ng Morris Kentukki shtatidan senator bo‘lish uchun nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
"Maskning saylov jarayonidagi ishtiroki formati bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. U 2024 yilda Trampning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan America PAC ftndi orqali moliyalashtirish va boshqa variantlarni ko‘rib chiqmoqda", deya yozmoqda Politico.
2024 yildagi prezidentlik saylov kampaniyasi vaqtida Mask Tramp va respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 300 mln dollar sarflagan va AQShdagi eng yirik ma’lum siyosiy donor sifatida qayd etilgan. 2025 yil iyunidan buyon esa uning xayriyalari atigi 42 mln dollarni tashkil qilgan.