Prezident tomonidan 30 aprel kuni «Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformasiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.
Qarorga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti tashkil etildi. U jumladan, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan yechimlarni tatbiq etish bilan shug‘ullanadi.
Sinov tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari tuzilmalarida Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati boshlig‘i lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, tumanlararo raqamli texnologiyalar bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Raqamli transformasiya doirasida ichki ishlar organlarining faoliyatiga ovoz asosida shaxsni identifikasiya qilish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, quyidagi xizmatlar elektron shaklga o‘tkaziladi:
- avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarish;
- O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni bir manzildan ikkinchi manzilga turgan joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olish;
- fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizasiya qilish faoliyati uchun lisenziya berish;
- fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini olish, realizasiya qilish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, O‘zbekiston hududiga olib kirish hamda O‘zbekiston hududidan olib chiqish, O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish uchun ruxsatnoma berish;
- portlovchi materiallarni olib kirish, sotib olish, saqlash, shuningdek, avtomobil va temiryo‘l transportida tashish uchun ruxsatnoma berish;
- fuqaroning doimiy manzilini hamda unga tegishli ko‘chmas mulkda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yashovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotni tahrirlash;
- ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun ruxsatnoma berish.
Hujjat bilan shuningdek, Ichki ishlar organlari faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanmoqda. Uning asosiy yo‘nalishlari:
- ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish;
- huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni «issiq izidan» fosh etishga xizmat qiluvchi geoaxborot tizimida makon, vaqt, holat, qilmish, ob’ekt, predmet va shaxsni o‘zaro bog‘lovchi tahliliy va prognoz modellarini yaratish
- vaziyat va holat ssenariysining tahlili va prognozi asosida boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish;
- raqamli kriminalistika sohasida tadqiqotlar olib borish va tergov qilish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
- kuzatuv kameralarida qayd etilgan tasvirlarni real vaqt rejimida profayling tahlil qilish orqali shaxsning jinoiy xulq-atvorini prognozlash mexanizmini joriy etish;
- aholiga xizmat ko‘rsatish, ekspert-kriminalistika va tezkor-profilaktik faoliyatda robototexnika imkoniyatlaridan foydalanish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6 maydan kuchga kirdi.