Iffat.
«Iffat» so‘zi lug‘atda «qabih narsadan tiyilish» degan ma’noni anglatadi.
Ulamolardan Rog‘ib «Iffat nafsda bir holatning hosil bo‘lishi bo‘lib, u ila shahvatning g‘alabasidan chetlaniladi. Iffat nafsni hayvoniy lazzatlardan tiyib turishdir. U haddan oshgan nafsi buzuqlik bilan nuqson hisoblangan shahvatsizlik orasidagi o‘rtacha holatdir», – deganlar.
– Iffatning turlari.
Iffat ikki turli bo‘ladi:
Birinchisi – o‘zini harom narsalardan iffatda tutish.
Ikkinchisi – gunohlardan iffatda bo‘lish.
– Iffatning barkamolligi.
Toki qo‘li, tili, qulog‘i va ko‘zi iffatli bo‘lmagunicha, insonning o‘zi ham iffatli bo‘la olmaydi.
– Iffatning foydalari:
1. Iffat dinning samaralaridandir.
2. Iffat iymon mevasidir.
3. Iffat bu dunyoda obro‘ni muhofaza qiladi.
4. Iffat oxiratda o‘z egasini jannati na’iym lazzatiga erishtiradi.
5. Iffat a’zolarni haromdan saqlaydi.
6. Iffat muruvvatning ruknlaridan biridir.
7. Iffat jamiyatni fisqu fasod va gunohdan tozalaydi.
8. Iffat nafs barkamolligining dalilidir.
9. Iffat izzati nafs dalilidir.
10. Iffat aql to‘laligining dalilidir.
11. Iffat nafsning tozaligi dalilidir.
12. Iffat o‘z egasini xotirjam qiladi.
Hayo.
«Hayo» so‘zi lug‘atda uyatsizlikning teskarisini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, «Hayo aybdan va yomonlanishdan qo‘rqib, o‘zini past olish va o‘zgarishdir».
Ulamolar hayoni turlicha ta’rif qilganlar:
Jurjoniy «Hayo nafsning bir narsadan tortinishi va malomatdan ehtiyot bo‘lib, uni tark etishidir», – degan.
– Hayoning turlari.
Hayo ikki xil – tug‘ma va kasb qilingan bo‘ladi. Kasb qilingan hayo shariatda iymonning sho‘’balaridan hisoblangan. Shariatda shunday hayo talab qilingan, tug‘ma hayo emas. Chunki tug‘ma hayo o‘z-o‘zidan bor narsa. Kasb qilingan hayo ham, inson o‘ziga yaxshi singdirsa, tug‘ma hayo darajasiga yetishi mumkin.
– Ma’siyatlar hayoni ketkazadi.
Ma’siyatlarning kasofatlaridan biri qalb hayotining moddasi bo‘lgan hayoni ketkazishidir. Hayo barcha yaxshiliklarning asosidir. Uning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir.
– Hayo nimadan paydo bo‘ladi?
Junayd rahmatullohi alayhi: «Hayo ne’matlarni va nuqsonlarni ko‘rishdir. Ikkisining orasida hayo tug‘iladi», – degan.
AbulFido Ismoil Haraviy: «Hayo muhabbat ila o‘ralgan ulug‘lashdan tug‘iladi», – degan.
– Hayoning foydalari:
1. Hayo iymon xislatidandir.
2. Hayo Islom go‘zalligidandir.
3. Hayo Alloh taolodan xijolat bo‘lib, ma’siyatni tark etishga undaydi.
4. Hayo Alloh taologa muhabbat qilib, toatga chorlaydi.
5. Hayo bu dunyo va oxirat sharmandaligidan uzoqlashtiradi.
6. Hayo iymon sho‘’balarining aslidir.
7. Hayo o‘z egasini viqorli qiladi.
8. Hayo anbiyolar, sahobalar, tobe’inlar va avliyolarning sifatlaridir.
9. Hayo Alloh taoloning va odamlarning muhabbatiga sazovor qiladi.
Shunday ekan, har bir banda hayoli bo‘lish harakatida bo‘lsin.
Manba: azon.uz