Ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, mahalla inspektorlari maoshi esa 60 foizga oshiriladi.
IIV hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar xodimlari tunu kun, har qanday sharoitda el xizmatida ekanini, ularning maoshini belgilashda buni inobatga olish kerakligini ta’kidladi.
«Bu pandemiya sharoitida, Buxoro va Sardobadagi og‘ir kunlarda yaqqol ko‘rindi. Boshqa payt ham xavf-xatar doim ularning yonida. Ish haqini belgilashda buni inobatga olish zarur. Shuning uchun, joriy yilda barcha ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, jamoat xavfsizligini ta’minlashga bevosita jalb etilgan, sodda qilib aytganda, mahallada xizmat o‘tovchi xodimlar ish haqi esa 60 foizga oshiriladi», — dedi prezident.
Shuningdek, tartib-intizom, qonunlarga hurmat, aholining osoyishtaligi, eng avvalo, mahallada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi zarurligi aytildi. Bu borada ko‘rilgan dastlabki choralar natijasida o‘tgan yili 4 ming 500 dan ziyod mahallada bironta ham jinoyat bo‘lmagan.