Husiylarning harbiy vakili Yahyo Saria ma’lum qilishicha, hujumlar Er-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroporti, mamlakat janubidagi Abha aeroporti hamda Saudi Aramco kompaniyasiga tegishli neftni qayta ishlash ob’ektiga qaratilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, operasiyalar davomida ko‘p sonli ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanilgan.
Husiylar bayonotida Er-Riyoddagi Podshoh Xolid aeroportiga qilingan hujum natijasida aviaqatnovlar vaqtincha to‘xtatilgani iddao qilingan.
Sarianing ta’kidlashicha, ikkinchi operasiya Saudi Aramco kompaniyasining Rabig‘ shahridagi neftni qayta ishlash korxonasiga qarshi amalga oshirilgan. Husiylar mazkur ob’ektda yong‘in yuzaga kelganini bildirgan.
Uchinchi hujum esa Abha aeroporti, Xamis-Mushayt shahridagi aviabaza va Asir viloyatidagi harbiy lagerga qaratilgani aytilgan. Shuningdek, Najron va Jizon hududlaridagi boshqa muhim ob’ektlar ham nishonga olingani ma’lum qilingan.
Hozircha Saudiya Arabistoni tomoni ushbu bayonotlar bo‘yicha rasmiy izoh bermagan. Hujumlar natijasida qurbonlar va yetkazilgan zarar haqida mustaqil tasdiqlangan ma’lumotlar keltirilmagan.