Hurmuz bo‘g‘ozidagi o‘g‘it yetkazib berishidagi uzilishlar global oziq-ovqat ta’minotiga xavf tug‘dirmoqda.
Hurmuz bo‘g‘ozidagi savdo va yuk tashishdagi uzilishlar rivojlanayotgan mamlakatlarda yana 45 mln kishigacha o‘tkir oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda BMTning Loyiha xizmatlari idorasi (UNOPS) ijrochi direktori Jorge Moreira da Silva ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ayniqsa o‘g‘it yetkazib berishdagi uzilishlar kelgusi hosilga va oziq-ovqat ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. UNOPS ma’lumotlariga ko‘ra, Hurmuzdagi vaziyat energiya, o‘g‘it va oziq-ovqat ta’minotida global inqiroz xavfini kuchaytirmoqda.
Moreira da Silva Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘g‘it va boshqa zarur yuklarni xavfsiz olib o‘tish uchun maxsus mexanizm yaratish zarurligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsiz yo‘lak tashkil etilishi o‘g‘it yetkazib berishni qayta yo‘lga qo‘yish va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga yordam berishi mumkin.
BMTning avvalgi tahlillarida Hurmuz orqali kemalar qatnovi urushdan oldingi ko‘rsatkichga nisbatan keskin kamaygani qayd etilgan. UNOPS ma’lumotiga ko‘ra, bo‘g‘ozdagi uzilishlar o‘g‘it narxlarining oshishiga, fermerlarning zarur resurslardan foydalanishi qiyinlashishiga va kelajakdagi hosilga bosim kuchayishiga olib kelmoqda.
Moreira da Silva Hurmuz orqali gumanitar maqsadlardagi yuklar, jumladan o‘g‘itlarning xavfsiz va tartibli tranzitini ta’minlash bo‘yicha BMT mexanizmi ustida ish olib borilayotganini bildirgan. Tashkilot bu masalani tezda hal qilish oziq-ovqat xavfsizligini saqlab qolish uchun muhim ekanini ta’kidlamoqda.