Andijon viloyati sudida adliya, prokuratura hamda ichki ishlar idoralari vakillari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar hamda ayni yo‘nalishda hamkorlikda bajariladigan vazifalar yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.
Muloqotda jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratish, bunda manfaatdor idoralar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar xususida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, davlat idoralari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganligi, jumladan, sohalarga axborot-kommunikasiya texnologiyalari keng joriy qilish orqali inson omili bosqichma-bosqich kamaytirilayotganligi ijobiy natija bermoqda.
Davra suhbatida sudlar faoliyatiga “Adolat” axborot tizimlarini kompleksini tatbiq etish jarayonlari, adliya idoralari tomonidan davlat xizmatlari markazlarida “sirli mijoz” tadbirlarining o‘tkazilishi singari jihatlarning o‘ziga xos samaralari xususida fikr almashildi.
Viloyat sudining raisi Tal’atjon Meliboyev, viloyat ma’muriy sudining raisi Mo‘ydinjon Salimov, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi sudyasi Sardorbek Rasulov, Andijon shahri adliya bo‘limi boshlig‘i Ozodbek G‘ofurov va boshqalar aholining yuqorida tilga olingan masalalardan xabardorligini oshirish, o‘zaro hamkorlikda odamlarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish yo‘nalishidagi vazifalar xususida o‘z mulohazalarini bildirdilar. Huquqiy savodxonlik va jamoatchilik nazorati korrupsiyani yengishda eng asosiy dastak ekanligi qayd etildi.