Toshkentda bundan buyon jamoat transporti avtobuslarida yo‘lkirani naqd ko‘rinishda to‘laganlar jarimaga tortiladi. Bu haqda Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Allayor Norbo‘tayev ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, avtobusda to‘lovning faqat ikki ko‘rinishi mavjud: karta orqali to‘lov (1700 so‘m) va bekatlardagi infokiosk va shoxobchalardan chek olib, to‘lov qilish (3 ming so‘m).
Yo‘lkira uchun to‘lovni naqd ko‘rinishda berish va olish taqiqlanadi. Norbo‘tayevga ko‘ra, Transport inspeksiyasi va maxsus nazorat guruhi yo‘l haqini naqd to‘lamoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarga "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning 144-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin.
Transport nazorati inspeksiyasi vakiliga ko‘ra, naqd to‘lovni qabul qilgan haydovchi ham jazolanishi mumkin. Agar holat birinchi marta sodir bo‘lsa, ogohlantirish beriladi.
So‘ngra BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida (taxminan 37,5 ming so‘m) jarima solinadi.