Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi 15 mart kuni CBS telekanaliga bergan intervyusida AQSh zarbalari natijasida mamlakatning boyitilgan uran zaxiralari yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning barcha yadroviy inshootlariga hujum qilingan va boyitilgan uran hozir vayronalar ostida ko‘milib qolgan. Vazir ta’kidlashicha, bu materiallarni faqat Xalqaro atom energiyasi agentligi nazorati ostida olish mumkin.
«Agar biz qachondir ularni olishga qaror qilsak, bu agentlik nazorati ostida bo‘ladi. Ammo hozircha bunday rejamiz yo‘q. Biz uranni vayronalar ostida qoldirmoqchimiz», — dedi Araqchi.
Ma’lum qilinishicha, Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq vaziyat xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Xalqaro atom energiyasi agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil o‘rtalariga kelib Eronda qurol darajasiga yaqin — 60 foizgacha boyitilgan 441 kilogramm uran mavjud bo‘lgan.
Natanz va Fordovdagi boyitish inshootlarida taxminan 20 mingta gaz sansrifugasi ishlagan. Biroq 2026 yil fevral oyida agentlik tekshiruvlarga kirish cheklangani sababli barcha operasiyalarning holatini tasdiqlay olmasligini bildirgan.
Shuningdek, 2025 yil iyun va 2026 yil fevral oylarida AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar Natanz, Fordov va Isfahon kabi yirik yadroviy ob’ektlarga jiddiy zarar yetkazgan.
Tehron bir necha bor muzokaralarga tayyorligini bildirgan. Jumladan, AQSh sanksiyalarini to‘liq bekor qilish va yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish huquqini tan olish evaziga yuqori darajada boyitilgan uranning bir qismini Rossiyaga topshirish hamda boyitish darajasini 3,67 foizgacha kamaytirish taklif qilingan.
Biroq AQSh bu shartlarni qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblab, o‘n yil davomida boyitishni to‘liq to‘xtatish va mintaqadagi proksi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishni talab qilmoqda.