Hudhud – bizning tilda popishak deyiladi. U Qur’oni Karimda zikr qilingan qushlardandir. Uning Sulaymon alayhissalom bilan bo‘lib o‘tgan qissasi mashhurdir. Qissadan uning zakovati, omonatdorligi, ma’lumotni yetkazishdagi farosati, tavhidga harisligi ma’lum bo‘ladi.
O‘sha qissada Hudhud Saba’ mamlakati, o‘sha mamlakatga bir ayol malikalik qilishi, malika o‘z qavmi bilan Quyoshga sig‘inayotgani haqida xabar keltiradi. Sulaymon alayhissalom Hudhud orqali o‘sha malikaga bir maktub yuboradilar. Maktubda «Bismillahir rohmanir rohiym. Menga qarshi bosh ko‘tarmay, taslim bo‘lgan holingizda keling» deb yozilgan edi.
Maktubni o‘qigan malika o‘z ayonlari bilan maslahatlashadi. Ayonlar unga istagan ishini qilishini, nima deb buyruq bersa, ular shunga rozi bo‘lishlarini aytadilar. Malika Sulaymon alayhissalomga hadya yuborib, natijasi nima bo‘lishini kutadi. Elchi Sulaymon alayhissalomning huzurlariga kelganida, u zot: «Sizlar menga mol-dunyo ila madad bermoqchimisiz?! Bas, Alloh menga bergan narsa sizga bergan narsadan yaxshidir. Ammo sizlar hadyalaringiz bilan quvonursiz. (Ey elchi!) Sen ularga qaytib bor. Bas, albatta, Biz ular bas kela olmaydigan qo‘shin ila borurmiz va u yerdan ularni xoru zor hollarida chiqarurmiz» deydilar.
Keyin malika Sulaymon alayhissalomning oldilariga qo‘shini bilan kelishga qaror qiladi. Malika kelgunicha uning Saba’dagi taxti o‘zidan oldin olib kelib qo‘yiladi. U kelib taxtini ko‘radi-da «Xuddi o‘shaning o‘zi» deydi. Keyin unga saroyga kirishi aytilganda, u billurdan silliq qilib yasalgan saroyga kiradi va «Ey Robbim, albatta, men o‘zimga zulm qilib yurgan ekanman, Sulaymon ila olamlarning Robbi – Allohga musulmon bo‘ldim!» deb aytadi.
Shu tariqa Hudhud bir mamlakat aholisining musulmon bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.
Hudhudning o‘ziga xos jihatlari bor.
Avvalo u yuqorida aytganimizdek, Qur’oni Karimda ismi zikr qilingan qushlardan.
U vafodor qush sanalib, bir marta uylanadi. Urg‘ochi hudhudga uylanish taklifini bildirmoqchi bo‘lsa, boshidagi tojini yoygan holda tumshug‘ida barg yo hasharot yoki qurt olib keladi. Keyin uni urg‘ochiga mahr sifatida uzatadi. Agar urg‘ochi o‘sha hadyani yesa, taklifni qabul qilgan bo‘ladi. Keyin erkak hudhud urg‘ochini o‘zi qurgan inga taklif etadi. In odatda daraxt kovagida qurilgan bo‘ladi. Agar urg‘ochi inga kirishga rozi bo‘lsa, juftlashish sodir bo‘ladi. Shundan so‘ng urg‘ochi hudhud beshtadan yettitagacha tuxum qo‘yadi. Polaponlar tuxumdan chiqqach, ota-ona navbatlashib bolalarini ovqatlantirishadi.
Hudhud vafodor qushki, biror joyda ovqat yoki suv topsa, urg‘ochisini chaqiradi. Ovqatni bir o‘zi yemay, jufti bilan yeydi. Agar juftini topa olmasa, sayragancha uni qidirib yuradi. Agar jufti vafot etsa, har gal uni eslaganda, sayrab, xotirlaydi. Jufti bilan birga uchgan makonlariga boradi. Boshqa urg‘ochi bilan juftlashmay, umrining oxirigacha sayrab yuradi.
Hudhud tanasining oltidan birini tumshug‘i tashkil etib, tumshuq yerdagi qurt va hasharotlarni tutishga moslashgan.
Hudhudda boshqa qushlarda uchramaydigan bir xususiyat bor: yer ostidagi suv bor joylarni sezish. Hudhudning zamonaviy nomlaridan biri – «suv muhandisi»dir.
Hudhud minglab kilometr masofalarga qiynalmay, chanqamay, och qolmay ucha oladi. Bu qush o‘rtacha 10 yil yashaydi. Boshqa ko‘p qushlar kabi u ham muhojir qushlardan sanaladi. Iliq havoli mintaqalarni yoqtiradi. Shu bois qishda shimoldan janubga uchib ketadi. Hudhud tez uchadigan qushlardandir. Ba’zan burgut kabi yirtqichlarning o‘ljasiga aylanadi.
U dengiz sathidan 1500 metr baland bo‘lgan joylarda, bog‘lar, shaharu qishloqlarga yaqin yerlarda yashaydi. Ovqatlari asosan lichinkalar, qurtlar va hasharotlar bo‘ladi. Shu bois uni “dehqonlar yordamchisi” ham deyiladi.
Hudhud tozaliksevar qush bo‘lib, u ko‘proq pokiza, turli zaharli kimyoviy gazlar va moddalardan xoli bo‘lgan hududlarda yashashni yoqtiradi. U xavfni sezsa, boshidagi tojini tikka qilib, omonlik paytida tojini tushirib oladi. Agar o‘ziga yoki bolalariga nisbatan dushman xavfini sezsa, dumi ostigi bezlardan qora rangli badbo‘y suyuqlik chiqaradi. Alloh taolo uni o‘tkir ko‘rish quvvati bilan jihozlagan. U suvni uzoqdan ko‘radi. Arablar ko‘zi o‘tkir odamlarni «Uning ko‘zi hudhudnikidan ham o‘tkir» deb aytadilar.
Keyingi o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, hudhud pochtachilik xizmatini mahoratli bajarib, maktubni kerakli manzilga yetkazishda kabutarlardan ko‘ra aniq va tezkorroq ekan.
Aloh taolo bu jonzotni ana shunday imkoniyat va xususiyatlar bilan yaratgan. Bular bizga ma’lum bo‘lgani. Ma’lum bo‘lmaganlari juda ham ko‘pdir.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi