AQSh prezidenti Donald Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan kemalardan to‘lov undirmasligini ma’lum qilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, agar bu va’da bajarilmasa, Vashington Tehron bilan muzokaralarni to‘xtatadi.
Trampning aytishicha, AQSh Eronga hech qanday mablag‘ o‘tkazmagan va uning hisoblaridan pul ajratmagan.
«Biz ularning to‘liq nazoratimiz ostidagi mablag‘larining bir qismini amerikalik fermerlar va chorvadorlardan makkajo‘xori, bug‘doy, soya va boshqa mahsulotlarni sotib olish uchun ajratishni rejalashtirmoqdamiz. Eron oziq-ovqatga juda muhtoj va bu mahsulotlar faqat AQShdan sotib olinadi», — deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.
18 iyun kuni AQSh va Eron o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Hujjatda, jumladan, Hormuz bo‘g‘ozida erkin kema qatnovini tiklash nazarda tutilgan.
Ushbu kelishuvdan keyin Ummon xalqaro huquq va dengiz qonunchiligiga muvofiq bo‘g‘oz orqali kemalar harakati uchun vaqtinchalik dengiz yo‘lagini tashkil etishga rozilik bergan. AQSh esa Eron portlariga nisbatan qo‘llangan blokadani 30 kunga bekor qilishga va’da bergan.
Shu bilan birga, Donald Tramp zarurat tug‘ilsa, Vashington mazkur cheklovlarni qayta tiklashi mumkinligini ham ta’kidladi.