Surxondaryoda hokim o‘rinbosari va Namanganda hokim yordamchisining noqonuniy harakatlari fosh etildi.
1️⃣ Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, hokimlik zaxirasida bo‘lgan 9 gektar yer maydonini Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga poliz ekinlari ekish uchun 4 oy muddatga ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 30 mln so‘m oladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u qolgan 60 mln so‘mni Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
⚖️Holat yuzasidan ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
2️⃣ Namangan viloyati Chust tumani hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi yordamchisi 2022 yilda “Sadacha” kichik sanoat zonasi hududidan o‘zining qarindoshiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida ajratib berilgan 43 sotix yer maydonining 20 sotix qismini hokimiyatdagi tanishlari orqali 1982 y.t. fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 23 ming AQSh dollari talab qiladi.
Ammo, hokim yordamchisi oldindan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
⚖️Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.