Bugun 17 may, 2025 yil, shanba

КИР

Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfida bo‘lgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi

Hindistonda odam savdosi qurboniga aylanish xavfida bo‘lgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi


Uni ishga chaqirgan kishilar jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga harakat qilgan. Ayol ulardan qochishga va mahalliy polisiyaga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yo‘li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan yurtdoshimizning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Diplomatik missiya konsullik bo‘limiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli O‘zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida ma’lumot kelib tushdi.

Shundan so‘ng zudlik bilan yurtdoshimiz bilan aloqa o‘rnatilib, u elchixonaga olib kelindi. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofisiant bo‘lib ishlash taklifi bildirilgani aniqlandi. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z.T. aldov to‘zog‘iga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni vatanga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.

Biroq S. va K. Z.T.dan uning uchun sarflangan yo‘l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga harakat qilishgan.

Z.T. o‘zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy polisiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaromizga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatildi hamda homiy tashkilotlar ko‘magida "Dehli-Toshkent" yo‘nalishidagi aviareysga chipta sotib olindi.

Hindistonning tegishli muassasalari bilan O‘zbekiston fuqarosini yolg‘on va’dalar bilan Dehliga olib kelib, ekspluatasiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan kimsalarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.

Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.

Kiritildi: 11:05 16.05.2025. O'qildi: 347 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!