"Hindistonda haq to‘lanmaydigan uy mehnatini tan olishga qaratilgan dunyodagi eng yirik ijtimoiy sinovlardan biri amalga oshirilmoqda. Mamlakatning 12 shtatida rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan va uy xo‘jaligini yuritish, bolalar va keksa qarindoshlarini parvarish qilish bilan shug‘ullanadigan uy bekalariga hukumat tomonidan muntazam ravishda moddiy nafaqalar to‘lanadigan bo‘ldi", deya xabar bermoqda nashr.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur loyiha Hindistondagi 118 millionga yaqin ayolni qamrab oladi va dunyodagi eng keng ko‘lamli loyihalardan biri hisoblanadi. To‘lovlar ayollar nomiga ochilgan bank hisob raqamlariga o‘tkaziladi va bandlikni tasdiqlash yoki xarajatlar to‘g‘risida hisobot talab qilinmaydi.
"Oylik to‘lovlar miqdori 1000 dan 2500 hind rupiyasigacha (taxminan 12 dan 30 AQSh dollarigacha) o‘zgarib turadi. Ajratilgan mablag‘lar kichik hajmda bo‘lishiga qaramay, millionlab oilalar uchun, ayniqsa, qishloq joylarda va aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun bu muhim ahamiyatga ega", deyiladi xabarda.
Iqtisodchilar va sosiologlarning fikricha, bunday dasturlarning maqsadi nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki an’anaviy ravishda ayollar tomonidan bajariladigan va shu bilan birga YAIM va rasmiy iqtisodiy statistikada hisobga olinmaydigan uy mehnatini ramziy ravishda tan olishdir.