Times of India gazetasi xabar berishicha, Kalkutta shahrida joylashgan, taxminan 85 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Salt Lake Stadium arenasida muxlislar vaziyatni nazoratdan chiqarib yuborgan.
Bu Messining MLSdagi g‘alabasidan so‘ng Hindiston bo‘ylab uyushtirilgan turnesidagi birinchi manzil edi. Futbolchi kelmasidan oldinyoq mamlakatda unga bag‘ishlab 21 metrlik haykal o‘rnatilgan, ammo turning boshlanishi rejadagidek o‘tmagan.
Hind OAVlariga ko‘ra, xavfsizlikka tahdid paydo bo‘lgani sababli Messining tribunalarni aylanib chiqishi to‘xtatilgan. Maydon tomon shishalar uloqtirila boshlaganidan so‘ng, futbolchi qo‘riqchilar yordamida zudlik bilan olib chiqib ketilgan. Shundan keyin vaziyat keskinlashib ketgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda tomoshabinlar o‘rindiqlarni sug‘urib olayotgani, gazonga chiqib ketgani, bannerlarni yirtib, reklama konstruksiyalarini sindirgani aks etgan.
«Messi atrofida faqat siyosatchilar va aktyorlar bor edi. Unda nega umuman bizni taklif qilishdi? Biz 12 ming rupiy (100 yevrodan ortiq) to‘ladik, hatto uning yuzini ham ko‘rmadik», — degan muxlislardan biri Times of India nashriga.
Guvohlarning aytishicha, rasmiy shaxslar va siyosatchilarning futbolchiga oddiy muxlislarga qaraganda yaqinroq bo‘lishi ham norozilikni kuchaytirgan. Tribunalarning haddan tashqari to‘lib ketgani va jiddiy xavfsizlik muammolari sababli Lionel Messi stadionni rejalashtirilganidan oldin tark etgan va muxlislarning aksariyati bilan muloqot qila olmagan.