Ayni damda Janubiy Osiyodagi harbiy keskinlik AQSh va Xitoyning qarama-qarshi tomonlarni qo‘llab-quvvatlashini aks ettirmoqda.
The New York Times nashrining yozishicha, Hindiston AQSh bilan yaqinlashgani sababli, 2010 yildan buyon Rossiya qurollarini sotib olishni 50 foizdan ko‘proqqa qisqartirgan va amerika, fransuz hamda isroil tizimlariga ko‘proq e’tibor qaratyapti.
Pokiston esa Xitoy bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirdi – mamlakat harbiy texnikasining qariyb 80 foizi Xitoydan keltiriladi: J-10C qiruvchi samolyotlari va uzoq masofaga uchuvchi raketalari shular jumlasidandir. Hozirda mamlakat Xitoy tizimlarini sotib olishni ikki baravarga ko‘paytirmoqda.
Tunda Pokiston havo kuchlari Hindiston qiruvchi samolyotlarini Xitoyning PL-15E havo-havo raketalari bilan urib tushirdi. Raketalarning bir qismi Xoshiyarpur va Panjob hududlariga qulab tushgandi. PL-15 raketasining eksport varianti Pokiston tomonidan qo‘llaniladi va uning masofasi taxminan 145 km ni tashkil etadi.
Shuningdek, Rafale qiruvchi samolyoti Hindiston chegarasidan 75 km masofadan urib tushirildi, Mirage-2000 samolyoti Vuyan hududida, mamlakat ichkarisida 65 km masofadan, SU-30 samolyoti Ahnur hududida, mamlakat ichkarisida 15 km masofadan urib tushirildi.
Bundan tashqari, Pokiston Xitoyning PL-15 havo-havo raketalari bilan birga HQ-9s zenit-raketa komplekslari, J10C va JF17 qiruvchi samolyotlaridan ham foydalangan.