Hindiston hukumati mamlakatdagi davlat neft kompaniyalariga Rossiyadan neft import qilishni to‘xtatish yoki boshqa yetkazib beruvchilarni qidirish bo‘yicha hech qanday rasmiy ko‘rsatma bermagan. Bu haqda TASS agentligi hukumatdagi manbaga tayangan holda xabar berdi.
Ushbu izoh AQSh prezidenti Donald Trampning avvalroq bildirgan bayonotiga javob sifatida berildi. Tramp o‘z chiqishlarida go‘yoki Hindiston endi Rossiya neftini sotib olmasligini ma’lum qilgan edi.
Hindiston rasmiylari ta’kidlashicha, Rossiya nefti hech qachon AQSh yoki Yevropa Ittifoqi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanksiyaga uchramagan, shu sababli u huquqiy jihatdan xalqaro bozorda savdo qilish uchun ochiq hisoblanadi.
«Hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q — Hindiston Rossiyadan neft import qilishni to‘xtatgani haqida. Barcha shartnomalar amalda», — dedi hukumat vakili.
Mazkur bayonot geosiyosiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi, chunki Hindiston so‘nggi yillarda Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biriga aylandi. Bu esa sanksiyalarga qaramay, Moskva uchun muhim iqtisodiy naf keltirmoqda.
Shu bilan birga, Hindiston o‘z tashqi siyosatida balanslashgan va pragmatik yondashuvni saqlayotganini yana bir bor namoyon etdi — G‘arb bosimiga qaramay, u o‘z energetik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ymoqda.