Hindiston dekabr oyida koinotga gumanoid robotni yuborishni rejalashtirmoqda, missiya Hindistonning birinchi boshqariladigan kosmik missiyasi "Gaganyan"da tayyorgarlikning yangi bosqichi bo‘ladi.
Bu haqda Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) rahbari V R Narayanan ma’lum qildi.
"Dekabr oyida odamsimon robot bilan missiya bo‘lib o‘tadi" - dedi u.
Vyommitra (sanskrit tilida Vyoma — fazo, Mitra — do‘st) nomli ayol qiyofasiga ega insonsimon robot kapsulada avtonom parvozni amalga oshirish uchun maxsus ishlab chiqilgan. Taxminlarga ko‘ra, robot kosmik sharoitda kemaning barcha asosiy tizimlari – hayotni ta’minlash tizimlaridan tortib parvozlarni boshqarish tizimlarigacha ishlashini tekshiradi.
"Agar missiya muvaffaqiyatli yakunlansa, kelasi yili biz yana ikkita uchuvchisiz missiyani amalga oshiramiz. Va barcha sinovlar yakunlangach, bosh vazir Narendra Modi e’lon qilgan asosiy boshqariladigan Gaganyan missiyasi 2027 yilning mart oyida ishga tushiriladi", - dedi ISRO rahbari.
2018 yil avgust oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi birinchi marta o‘z mamlakati orbitaga o‘zining birinchi milliy kosmik ekipajini yuborishini rasman e’lon qilgan edi. Uning to‘rt nafar a’zosi allaqachon Rossiyaning "Yulduzli shahar"da malaka oshirgan va hozir Hindistonda o‘qishni davom ettirmoqda. Loyihaning nomi Gaganyan (sanskritcha "gagana" – osmon so‘zidan) "samoviy kema" degan ma’noni anglatadi.