— Akam xotini bilan ajrashmoqchi. Bir nafar farzandi bor. Kelinoyim alimentga bermoqchi. Lekin akam talaba, hech qayerda rasman ishlamaydi. Mashinasida kirakashlik qiladi. Bu vaziyatda aliment qanday tayinlanadi: akamning kunlik daromadidanmi yoki stipendiyasidan?
Ismi sir tutildi.
Muqaddas Gulamova, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi:
— Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Oila kodeksning 137-moddasiga asosan, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stipendiya olayotgan joyidagi tashkilot ma’muriyati aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvga yoki ijro varaqasiga asosan aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish haqidan va (yoki) boshqa daromadidan har oyda aliment ushlab qolib, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsga ish haqi to‘langan va (yoki) boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga aliment to‘lashi yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning hisobidan unga o‘tkazishi shart.
Muallifning savollariga javob beradigan bo‘lsak, voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun to‘laydigan aliment qarzdorning har oydagi ish haqi va (yoki) barcha daromadidan hisoblab undiriladi. Bunda ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiyalar hisobga olinadi. Agarda qarzdorning boshqa daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilingan bo‘lsa, aliment mazkur daromadlardan ham undiriladi.
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs ishlamasa (boshqa daromadga -stipendiya, nafaqa va hok. ega bo‘lmasa) yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, aliment O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.