Bugun 4 yanvar, 2025 yil, shanba

КИР

Hazrati Usmon Qur’oni O‘zbekistonga qanday qaytarilgan edi?

Hazrati Usmon Qur’oni O‘zbekistonga qanday qaytarilgan edi?

Tarixdan ma’lumki, buyuk Amir Temur Suriya va Iroqqa qilgan harbiy yurishi chog‘ida islomning mo‘’tabar kitobi ‒ Usmon Qur’onini Samarqandga keltirgan. Ushbu muqaddas kitob uzoq yillar davomida Samarqanddagi mashhur Xo‘ja Ahror Valiy masjidida saqlangan.

O‘tgan asrning ikkinchi yarmida bugungi Markaziy Osiyo hududlarini bosib olgan Chor Rossiyasi harbiylari tomonidan yurtimiz, xalqimiz tarixiga oid juda ko‘p osori-atiqalar, nodir kitoblar, qo‘lyozmalar olib ketilgan. Jumladan, chor Rossiyasi generali fon Kaufman Hazrati Usmon Qur’onini tortib olib, 1868 yilda Rossiyaga yuborgan va u oktyabr to‘ntarishiga qadar Peterburgdagi podsho kutubxonasida saqlangan.

Hazrati Usmon Qur’oni 1917 yildagi oktyabr inqilobidan so‘ng Ufaga, keyinroq esa Toshkentga olib kelingan. Muqaddas kitobni yurtimizga qaytarish, albatta oson kechmagan. Millat, din fidoyisi bo‘lgan bir guruh ilg‘or yurtdoshlarimizning sa’y-harakati bilan qaytarilgan.

Andijon davlat universiteti qoshidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi” rahbari, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov rahbarligida tarixchi olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar davomida Usmon Qur’onini yurtimizga qaytarish bilan bog‘liq mamlakatimiz va Rossiya arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar o‘rganib chiqildi, ulardan nusxalar olinib, o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Professor Rustambek Shamsutdinov muqaddas kitobni yurtimizga qaytarilishiga oid jarayonlarni hukumat va diniy idoralarning tarixiy, rasmiy arxiv hujjatlar asosidagi o‘rganishlari yakunlari bo‘yicha xulosa-ma’lumotlarni keng jamoatchilikka e’lon qildi. Ushbu mavzudagi maqola “Vodiynoma” ilmiy, ijtimoiy-tarixiy jurnalida chop etildi.

Oktyabr inqilobidan so‘ng – 1917 yilning dekabr oyida Petrogradda bo‘lib o‘tgan musulmonlar qurultoyi qarorida musulmonlardan chor hokimiyati tomonidan musodara qilgan Usmon qur’onini qaytarish haqida bandlar kiritilgan. Ya’ni qaror rezolyusiyasida: musulmonlarning muqaddas yodgorligi – Hazrati Usmon Qur’oni musulmonlarning o‘z qo‘lida bo‘lishi kerakligi, Ichki Rossiya va Sibir musulmon milliy parlamenti tomonidan kitobni Ufa shahriga olib kelish, bu vazifaga mas’ul etib, Butunrossiya musulmonlari harbiy sho‘rosi raisi o‘rinbosari Usmon Tokumbetov hamda Milliy parlament a’zosi Kerim Saidov tayinlanadi.

Musulmonlar talabi inobatga olinib, RSFSR Xalq Komissarlari Soveti Muqaddas Usmon Qur’onini Ichki Rossiya va Sibir musulmonlari milliy parlamentiga qaytarib berish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi. 1917 yil 19 dekabrdagi mazkur hujjat Xalq Komissarlari Soveti raisi V.Ulyanov (Lenin), Sovet ishlari boshqaruvchisi Bonch’-Bruyevich, kotib N.Gorbunovlar tomonidan imzolangan.

Shu tariqa Hazrati Usmon Qur’oni 1918 yil boshlarida Butunrossiya musulmonlari sovetiga berilib, Ufa shahriga olib kelingan.

Bu haqda Turkistonda chiqadigan “Hurriyat” gazetasining 1918 yil 8 martdagi 77- sonida quyidagi axborot berilgan:

“Hazrati Usmon Mushafi Yarim asrdan beri Peterburg muzey xonasinda saqlanmoqda bo‘lg‘an Hazrati Usmon Mushafi sharifi 19 yanvarda ulug‘ bir askariy hay’at ila Ufaga keltirildi. Hay’at boshinda Peterburg mo‘’tabarotindan Amin Afandi Maqsudov bor edi. Bu Mushafi sharif musulmon askarlari milliy idora tarafindan saylang‘an hay’at va boshqa mo‘’tabaroni islomiya tarafindan tantanali suratda qarshi olindi.

Mushafi sharifni diniya nazoratina topshirmoq marosimi ham nihoyatda tantanali suratda ijro etilib, ta’sirli nutqlar so‘ylandi.”

1923 yilga kelib, Toshkent va Jizzax ulamolari Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komitetiga muqaddas Hazrati Usmon Qur’onini Toshkentga qaytarilishini so‘rab murojaat qiladi.

Ana shu murojaat bo‘yicha Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti RSFSR Millatlar ishi xalq komissarligiga va boshqa idoralarga Usmon Qur’onini qaytarilishi bo‘yicha ko‘plab xatlar yuboriladi. Bu boradagi ishlarga Turkiston davlatining rahbari Inomjon Xidiraliyev bevosita rahnamolik qiladi.

Sovet hokimiyati 1923 yilning bahorida Turkiston Respublikasi (Toshkent va Jizzax ulamolarining murojaatlari) iltimosiga ko‘ra, Hazrati Usmon Qur’onini Toshkentga yuborishga qaror qiladi.

Ushbu masala 1923 yil iyun oyida Ufada bo‘lib o‘tgan Butunrossiya Musulmonlar qurultoyida ham ko‘rib chiqiladi. Qurultoyda Turkiston Musulmonlari vakillari Qur’onni Toshkentga qaytarish yuzasidan chiqishlar qiladi.

Sovet hokimiyatining tegishli qarorlari asosida Butunrossiya musulmon ruhoniylari qurultoyi 1923 yilning 14 iyunida Usmon Qur’onini qaytarish to‘g‘risidagi masalani hal etib, uni Turkiston markazi hisoblangan Toshkentdagi Mahkamai shar’iyaga berish haqidagi qarorni qabul qiladi.

Ichki Rossiya va Sibir musulmonlari markaziy diniy ishlari bo‘limiga Qur’onni rasman topshirish bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni amalga oshirish vazifasi topshiriladi.

Qur’onni Toshkentdagi Mahkamai shar’iya olib kelish, Turkiston musulmonlariga topshirish uchun Turkiston musulmonlari idorasidan Rizouddin Faxruddinov (rais), Ichki Rossiya va Sibir musulmonlari markaziy diniy idorasidan Abdurahmon Umarov (kotib), fuqaro Zohiriddin Qosim A’lam (raisi o‘rinbosari), muftiy Muhammadxo‘ja Norxo‘jayev, Toshkentdagi Mahkamai shar’iyadan Shamsuddin hoji Xo‘jayev, Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti a’zosi Sulton Xo‘jayev va Millatlar ishi xalq komissarligi vakolatli xodimi Gismatullindan iborat komissiya tuzildi.

Mazkur komissiya qarori bilan Ufaga Hazrati Usmon Qur’onini olib kelish uchun asli andijonlik, eski usuldagi maktab va madrasada tahsil olgan, islom huquqshunosi, Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlagan, 1923‒1936 yillarda Turkiston, O‘zbekiston diniy nazorati idorasida turli lavozimlarda ishlagan, 1936 yilda aksilinqilobchilikda ayblanib qamoqqa olingan va 1937 yilda oliy jazoga hukm qilingan Zohiriddin Qosim A’lam boshchiligida bir necha kishidan iborat hay’at yuboriladi. Ularga yo‘l davomida qur’onni hech kimga ko‘rsatmaslik va qat’iy nazorat ostida Toshkentga keltirish vazifasi topshiriladi.

Hay’at a’zolari tegishli hujjat va dalolatnomalar asosida Ichki Rossiya va Sibir musulmonlari markaziy diniy idorasidan Usmon Qur’onini qabul qilib oladi.

Hazrati Usmon Qur’oni 1923 yilning yoz oyida maxsus poyezd bilan askarlar qo‘riqchiligida Toshkentga olib kelinadi va Mahkamai shar’iyaga topshiriladi. Bu haqda Maskvadagi turli idoralarga telegrammalar yuborilgan.

Kiritildi: 11:33 31.12.2024. O'qildi: 1962 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!