Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Hazrat Umar joriy qilgan bolalar nafaqasi

Hazrat Umar joriy qilgan bolalar nafaqasi

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu hijriy 13 yil 21 jumodul oxirdan 23 yil 26 zulhijjagacha, milodiy hisobda 634 yil 21 avgustdan 644 yil 2 noyabrgacha musulmonlarga xalifalik qilgan.

Hazrat Umar roziyallohu anhuning xalifa, musulmonlarning bosh rahbari sifatida olib borgan faoliyati namozga o‘tish, fath ishlarini boshqarishdangina iborat bo‘lmagan. U kishining maqsadi Qur’oni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, shariat ta’limotlari asosida, hayotning barcha jabhalarida namunali jamiyat qurishdan iborat edi.

Islom ahli poytaxti bo‘lmish Madinai munavvara shahriga savdogarlar karvoni kelib tushdi. Karvonda ayollar, yosh bolalar ham bor edi. Xalifa Umar ibn Xattob sahobalardan Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhuga: “Karvondagilarni qo‘riqlashga vaqting bormi?” – dedilar. Ikkovlon kechasi bilan karvondagilarni qo‘riqlab, namoz o‘qib chiqishdi. Umar roziyallohu anhu yosh bolaning yig‘isini eshitib, o‘sha tomon bordilar va uning onasiga: “Allohdan qo‘rq! Go‘dagingga yaxshi qara!” – deb ortlariga qaytdilar. Bola yana yig‘lashda davom etdi. Umar roziyallohu anhu yana uning onasi oldiga qaytib kelib: “Allohdan qo‘rq! Go‘dagingga yaxshilik qil!” – deb: ortlariga qaytdilar. Tun oxirlab qolganda yana bolaning yig‘isini eshitgan xalifa haligi onaning oldiga borib: “Sho‘ring qurisin. Yaxshi ona emasga o‘xshaysan. Kechasi bilan o‘g‘ling tinchimadi-ya!?” – dedilar.

Qarshisida turgan odam rahbar ekanini bilmagan ona xuddi qorovulga gapirayotganday: “Ey Allohning bandasi, kechasi bilan meni tinch qo‘ymading. Axir, men uni ko‘krakdan ajratmoqchiman. U bo‘lsa ko‘nmay, injiqlik qilyapti”, – dedi. “Nima uchun?” – deb so‘radilar Umar roziyallohu anhu. “Chunki Umar faqat ko‘krakdan ajratilgan bolalarga nafaqa tayin qilgan”, – dedi ayol. “Bolaning yoshi qanchalik bo‘ldi?” – dedilar Umar. “Falon oylik bo‘ldi”, – dedi ayol. Umar roziyallohu anhu: “Uni ko‘krakdan ajratishga shoshilma”, – dedilar va orqalariga qaytib ketdilar. So‘ng xalifa borib, bomdod namoziga imomlikka o‘tdi. Namozdagi odamlar uning yig‘isidan qiroatini ajrata olishmadi. Bo‘lib o‘tgan hodisadan qattiq ta’sirlangan xalifa yig‘lab turib namoz o‘qir edi. Salom berganidan so‘ng: “Umarning sho‘ri qurisin! Musulmonlarning qanchadan-qancha bolalariga zulm qilibdi”, – dedi va jarchini chorlab: “Bolalaringizni ko‘krakdan ajratishga shoshilmanglar! Biz Islomda har bir tug‘ilgan bolaga nafaqa beramiz!” – deb jar solishga amr etdi. Bu haqda boshqa yurtlarga ham farmon yubordilar.

Kiritildi: 11:59 29.01.2023. O'qildi: 2347 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!