— Yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolsa, ularga nisbatan amaldagi qonunchilikda qanday chora ko‘rilishi mumkin?
M.S., Toshkent shahri
Murojaatga Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining sudyasi Bahriddin IKRAMOV javob berdi:
— Yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolgan taqdirda, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 137-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, tegishli jazo tayinlanishi mumkin.
Jumladan, MJtKning 137-moddasi 1-qismiga asosan, yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida (ya’ni bugungi kunda 270.000 x 15 = 4.050.000 so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur moddaning 2-qismiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi, agar ushbu yo‘l-transport hodisasi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari (ya’ni bugungi kunda 270.000 x 30 = 8.100.000so‘m) miqdorida jarima solishga yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga yoxud o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.