Bugun 21 noyabr, 2019 yil, payshanba

КИР

Havoning chidab bo‘lmas darajada ifloslanishi sabab maktablar yopildi

Havoning chidab bo‘lmas darajada ifloslanishi sabab maktablar yopildi

Hindiston shimolidagi havoning ifloslanish darajasi «chidab bo‘lmas darajaga yetdi». Bu haqda poytaxt Dehli bosh vaziri Arvind Kejrival tvitter sahifasida ma’lum qildi.

BBC xabariga ko‘ra, Dehlining ko‘plab tumanlarida yakshanba kuni havoning sifati «xavfli» darajaga kelib qolgan. Bu esa nafas yo‘llari kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

Hukumat aholini uydan chiqmaslikka chaqirmoqda. Shaharni qalin smog qoplagan, maktablar yopilgan, 30dan ortiq parvozlar boshqa shaharlarga yo‘naltirilgan, qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Dehli sog‘liqni saqlash vaziri Satyendar Jain poytaxt aholisiga ayniqsa ertalab va kechki vaqtlarda ochiq havodagi jismoniy faollikdan tiyilishni maslahat bergan.

Shuningdek, rasmiylar odamlarga niqob taqish, havo ifloslanish darajasi yuqori hududlarga bormaslik, eshik va derazalarni ochiq qoldirmaslikni tavsiya etishyapti.

Havodagi xavfli zarralar miqdori (PM2,5) me’yordan ancha baland. Jumladan, Xitoy poytaxti Pekin bilan solishtirganda 7 barobar yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.

Hindiston sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi havoning ifloslanish darajasini o‘lchovchi asboblar maksimum raqamni ko‘rsatayotgani, bu orqali haqiqiy holatni bilib bo‘lmayotganini ma’lum qildi. Varun Jhaveri buni «falokat» deb baholagan.

The Guardian`ning xabar berishicha, Dehlida havoning ifloslanish darajasi me’yoriy ko‘rsatkichdan 400 barobarga ortib ketgan.

Juma kuni poytaxtda sog‘liqni saqlash borasida favqulodda holat e’lon qilingan va maktablarda 5 millionta niqob tarqatib chiqilgan edi.

O‘tgan yakshanba hindlarning milliy bayrami – Divali nishonlangan edi. Bayramda an’anaga muvofiq salyutlar otilgan. Buning ustiga qo‘shni viloyatlar – Panjob va Haryanada fermerlar dalada qolgan ekinlar poyasiga o‘t qo‘yishgan, havo harorati pasayishi esa tutunning saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan.

Yuqoridagi omillar hisobiga, Hindiston shimolida yilning hozirgi vaqtida bunday holat kuzatilishi odat tusiga kirgan. Dehli, Panjob va Haryana siyosatchilari muammo uchun bir-birlarini ayblashadi.

Mamlakatda salyut otilishini taqiqlovchi yangi qoidalar joriy etilgan, ammo bu chora ham ifloslanishga to‘siq bo‘la olmadi.

Maktablar kamida seshanba kunigacha yopiq qolishi kutilyapti. Dushanbadan boshlab poytaxtda avtomobil harakatini cheklash tartibi o‘rnatiladi.

Ammo havo ifloslanishi kamayishi uchun fermerlar dalaga o‘t qo‘yishni to‘xtatishlari kerak.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda o‘tgan hafta davomida dalada qolgan ekinlar poyasiga o‘t qo‘yilishi bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Dehlidagi iflos havoning 40 foizi – ekinzorlardagi yong‘in tutunidir.

Kiritildi: 06:25 04.11.2019. O'qildi: 777 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!