Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Harbiylar olis O‘temurat ovulida vatanparvarlik targ‘iboti aksiyasini o‘tkazdi

Harbiylar olis O‘temurat ovulida vatanparvarlik targ‘iboti aksiyasini o‘tkazdi

Mamlakatimizning olis va chekka hududlarida yashovchi aholi o‘rtasida ham milliy ruhni yuksaltirish, ularning ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, buyuk ajdodlar bilan faxrlanish hislarini shakllantirish maqsadida vatanparvarlik targ‘iboti tadbirlari davom ettiririlayotgani haqida xabar bergan edik. 

Harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat vatanparvarlik targ‘iboti karvonining navbatdagi manzili Navoiy viloyatining Tomdi tumaniga qarashli Shiyeli ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli O‘temurat ovuli bo‘ldi. Bu xaqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar bermoqda.

Ushbu manzil sahro marvaridi atalmish Zarafshon shahridan 200 chaqirim olisda, cho‘l ichkarisida joylashgan.  Yo‘l davomida Suketken, Kerizquduq, Keregetau kabi bir-biridan ancha uzoq masofada joylashgan aholi yashash joylarini aytmasa, saksovul va yulg‘unzorlardan iborat biyday sahro manzarasidan boshqa narsaga ko‘zingiz tushmaydi.

Yurib-yurib nihoyat, O‘temuratga ham yetib keldik. Tashqarida izg‘irin shamol esib, qor aralash yomg‘ir yog‘moqda.  Ammo bag‘ri keng va mehmondo‘st ovul ahli bizni iliq qarshi olganidan taralgan harorat ko‘nglimizni yoritib, sovqotgan tanlarimizga iliqlik bag‘ishladi.

Tadbirning asosiy marosimlari ovuldagi 8-umumta’lim maktabi sport zalida tashkil qilindi.  O‘temuratliklarning olqishlari ostida ular e’tiboriga harbiy orkestr tomonidan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar havola etildi.  So‘zga chiqqan harbiy xizmatchilar tinchlik uchun kurashish lozimligini ta’kidlab, bu yo‘lda vatanparvarlik tuyg‘usi yengilmas kuch baxsh etishini ta’kidlashdi.

Maktabda tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar Vatan va mardlik haqida yod olgan she’rlarini o‘qidilar.  Mehmonlar ularga turli badiiy adabiyotlar jamlanmasidan iborat kitoblar sovg‘a qildi.

Namoyish etilgan qurol-yarog‘ va harbiy aslaha-anjomlar namoyishi barchada katta qiziqish uyg‘otdi.  Jangovar qurollarni qo‘lida tutib, suratga tushayotgan yoshlarning ko‘zlarida chaqnagan olov ularning shubhasiz, sharafli va mas’uliyatli harbiy sohaga qiziqishlari oshganini, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi mustahkamlanayotganini anglatdi.

Bu orada ob-havo ham sal yumshab qolgan edi. Bundan unumli foydalanishni ko‘zlagan targ‘ibotchilar tadbirning davomini maktab stadionida davom ettirishni ma’qul ko‘rishdi.  Bu yerda Mudofaa vazirligiga qarashli Zarafshon shahrida joylashgan Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘l jangi va jangovar san’atga oid ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi. 

Ovul fuqarolari va harbiy xizmatchilar o‘rtasida tashkil qilingan arqon tortish musobaqasi olqish va qiyqiriqlar ostida kechdi. Halol va do‘stona kurash ruhida o‘tgan musobaqada Vatan mardlari bejizga bu kasbni tanlamaganliklarini ko‘rsatdilar.

Harbiy xizmatchilar shu ovulda istiqomat qiluvchi qarilik gashtini surayotgan dongdor chorvador, O‘zbekiston qahramoni 73 yoshli Seripbay ota Sagatov bilan ham uchrashib, nuroniyning holidan xabar oldi.  Qadamlari shaxdam, alp kelbatli o‘g‘lonlarni ko‘rgan ota hayajonlanib, “Balli, mana, bizni kimlar himoya qilayotgan ekan”, – deya xitob qildi.

Qahramon bilan uyushtirilgan fayzli va dilkash suhbatdan so‘ng harbiylar ketishga izn so‘rasharkan, obod yurtga tinchlik va yurt himoyachilariga omadlar tilab duo qildi.

Harbiy xizmatchilar shuningdek, O‘temuratda yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning holidan xabar olib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishdi.

Vatanparvarlik tadbirlari davom etmoqda.

 

 

Kiritildi: 10:38 28.01.2020. O'qildi: 1726 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!