Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

«Har tepalikka bir belgi bo‘ladigan bino qurib, behuda o‘yin qilaverasizmi?»

«Har tepalikka bir belgi bo‘ladigan bino qurib, behuda o‘yin qilaverasizmi?»

Andalusdagi Islom davlati xalifalarining uchinchisi Abdurahmon an-Nosir 300 hijriy yildan 350 yilgacha hukmronlik qilgan. U chuqur bilimi va go‘zal taqvosi bilan tanilgan Munzir ibn Saidni o‘ziga qozi etib tayinladi.

Abdurahmon an-Nosir Qurtubo (Kordova) shahrida o‘zining yorqin qasrini qurib, uning ichini kishini dahshatga soladigan turli naqsh va bezaklarga botirib tashladi. Buning uchun g‘oyat ko‘p boylik sarfladi, qasrga tilla va kumush g‘ishtlar bilan zeb berdi. Bu xabar qozi Munzir ibn Saidga yetib keldi, hashamatli qasr sababli u kishida qattiq alam paydo bo‘ldi. Munzir ibn Said taqvoli, zohid va solih olim kishi edi.

Mo‘minlarning xalifasi bo‘lgan Abdurahmon an-Nosir juma namozini har doim o‘z qozisi va imomi Munzir ibn Saidning oldida o‘qir edi.

Bir kuni Munzir juma xutbasini Alloh taoloning ushbu so‘zi bilan boshladi:

«Har tepalikka bir belgi bo‘ladigan bino qurib, behuda o‘yin qilaverasizmi? Va xuddi mangu turajakdek «masna’lar» tutaverasizmi? (Oyatdagi «masna’lar» so‘zi hozirgi arab tilida zavod-fabrikalar ma’nosida ishlatilmoqda. Od qavmi ulkan qasrlar qurish, tog‘larni o‘yib ishlash va boshqa faxr uchun ko‘taradigan binolarida foydalanadigan asbob-uskunalarni ishlab chiqaradigan ishxonalarga ega edi, «masone’lar»dan murod o‘shalar, oyatda qurilishlarga doir ochiq-oydin ma’no bor. «Tafsiri hilol»).

Tutganingizda o‘ta jabrchi bo‘lib tutdingiz. Bas, Allohdan qo‘rqing va menga itoat qiling. Sizga o‘zingiz bilgan narsa ila madad bergan zotdan qo‘rqing. U sizlarga chorva hayvonlari va farzandlar ila madad berdi. Bog‘-rog‘lar va buloqlar ila. Men, albatta, sizga ulug‘ kunning azobi kelishidan qo‘rqaman" (Shuaro,128-135).

Keyin yana:

«Biz uchun va’z qilsang ham yoki va’z qilguvchilardan bo‘lmasang ham, baribir» deb aytmanglar», dedi.

Keyin Munzir uy-joy qurishda haddan ziyod mubolag‘a qilib, unga berilib ketishdan va binoni hojatdan ortiq darajada bezaklarga botirib tashlashdan, shuningdek, Allohning oldiga jo‘nab ketishdan hamda barcha rohat va bezaklarni o‘zida o‘rab-chulg‘agan yaqin kunni unutmaslikdan ogohlantira boshladi. Bundan ta’sirlangan namozxonlar yig‘ladilar, ularga qo‘shilib xalifa Abdurohman an-Nosir ham yig‘ladi.

Namoz tugagach, xalifa uyiga qaytib, o‘g‘li Hakamga; «Munzir ustimdan kulishda qattiq yo‘lni qo‘lladi. Bildimki, u ogohlatirib gapirganida men to‘g‘rimda gapirdi. U odamlar oldida menga qattiq tanbeh berdi», – dedi.

Shunda o‘g‘li: «Uni namoz va xutba qilish vazifasidan bo‘shatib, uni uzoqlashtirish uchun sizga nima to‘sqinlik qiladi?» – dedi.

Xalifa o‘g‘liga quyidagi so‘zlarni aytdi. Hozir men bu yerda sizlarga u aytgan biror so‘z va harfni o‘zgartirmay gapirib beraman:

«Seni onang bormi o‘zi? Maqsadi buzuq, yo‘ldan toygan gunohkor nafsni deb, a’lo darajadagi ilm va fazl egasi bo‘lgan Munzir ibn Saiddek odam uzoqlashtiriladimi?! Bu bo‘lmaydigan narsa. Men Alloh taoloning oldida o‘zim bilan U o‘rtasidagi namozda, taqvo va xudojo‘likda tengi yo‘q Munzir kabi insonni yordamchi qilmaslikdan uyalaman. Balki hayoti davomida bizga va hamma insonlarga Alloh xohlasa namoz o‘qib beraveradi”.

Keyin xalifa o‘zi qurgan qasri tomon borib, ajoyib kumush va tilla g‘ishtlarni buzib, qozisi Munzir ibn Said qaytargan bezaklarni yo‘q qilib tashladi.

Manba: azon. uz

Kiritildi: 22:00 23.08.2019. O'qildi: 2696 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!