Bugun 1 avgust, 2026 yil, shanba

КИР

Hamas qurolsizlanishga rozi bo‘ldi — G‘azoda yangi kelishuv

Hamas qurolsizlanishga rozi bo‘ldi — G‘azoda yangi kelishuv

AQSh prezidenti Donald Tramp 31 iyul kuni kechasi G‘azo sektorida faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarni qurolsizlantirish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Kelishuvga ko‘ra, Hamas va unga aloqador islomiy tashkilotlar yengil va og‘ir qurollarini topshiradi, shuningdek, G‘azo sektoridagi uzun tunnellar tarmog‘ini demontaj qilishga ruxsat beradi.

Trampning ta’kidlashicha, demilitarizasiya jarayoni yakunlanganidan so‘ng Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan chiqib ketishi kerak. Ularning o‘rniga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari (ISF) tinchlikparvarlari joylashtiriladi.

AQSh tomonidan G‘azodagi mojaroni hal etish uchun tuzilgan Tinchlik kengashi Hamas va boshqa Falastin guruhlari bilan qurolsizlanish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Tramp bu haqda 31 iyul kuni kechasi ma’lum qildi.

«Bu uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikka erishish yo‘lidagi ulkan qadam», — deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, kelishuv G‘azoni kelajakda Falastin xalqi manfaatlari uchun Tinchlik kengashi bilan yaqin hamkorlik qiladigan yangi Falastin rahbariyati nazoratiga o‘tkazish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shu bilan birga, G‘azo terrorchilik hujumlari uchun baza sifatida ishlatilmaydi va Isroil xavfsizligi ta’minlanadi.

Tramp kelishuv bosqichma-bosqich amalga oshirilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolsizlanish yakunlanganidan so‘ng Isroil qo‘shinlari G‘azodan chiqadi, xalqaro barqarorlashtirish kuchlari esa yangi Falastin polisiyasi bilan hamkorlikda G‘azo aholisi va qo‘shni davlatlar xavfsizligini ta’minlay boshlaydi.

AQSh prezidenti vositachilik qilgan Misr, Qatar va Turkiyaga, shuningdek, kelishuvga erishishda ishtirok etgan jamoasiga minnatdorlik bildirdi.

Hamas ham kelishuvni tasdiqladi. Guruh G‘azo aholisini o‘lim va majburiy ko‘chirishdan qutqarish maqsadida yon berishlarga borganini bildirdi.

Tinchlik kengashi vakilining The Jerusalem Post nashriga aytishicha, Hamas va Falastin guruhlari birinchi marta qurolsizlanish rejasining to‘liq mazmuni va uni amalga oshirish mexanizmlarini qabul qilishga rozi bo‘lgan.

Kelishuvga Qohirada erishilgan. Hamas muzokarachilari bir haftadan ortiq vaqt davomida Tinchlik kengashi va xalqaro vositachilar bilan kelishuv shartlarini muhokama qilgan.

Al Jazeera ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli guruhlar qurollarini G‘azo fuqarolik ma’muriyati vazifasini bajaradigan Milliy boshqaruv qo‘mitasiga topshiradi.

Dastlab Hamas polisiya kuchlari yengil qurollarini topshiradi, keyin esa guruhning harbiy qanoti barcha og‘ir qurollarni qo‘mitaga beradi. G‘azoda har qanday harbiy faoliyat taqiqlanadi.

Kelishuvda «bitta hokimiyat, bitta qonun, bitta qurol» tamoyiliga amal qilinishi belgilangan. Qurollar yoki muayyan shaxslar uchun istisnolar bo‘lmasligi ta’kidlangan.

Shuningdek, Hamas jangarilariga qurol-yarog‘larni yashirish, hudud bo‘ylab yashirin harakatlanish, Misr orqali kontrabanda bilan shug‘ullanish hamda raketa va bombalar ishlab chiqarish imkonini bergan G‘azo tunnellari tizimi ham yo‘q qilinishi kerak.

Milliy G‘azo boshqaruv qo‘mitasi yangi polisiya kuchlarini shakllantirish vazifasini ham bajaradi. Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari esa Hamasning og‘ir qurollarini zararsizlantirish, tunnellarni demontaj qilish, mahalliy polisiyani tayyorlash va Isroil qo‘shinlari chiqib ketadigan pozisiyalarda xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Ayni paytda, Isroil rasmiylari G‘azodagi qurolli guruhlarni to‘liq qurolsizlantirish imkoniyatiga shubha bilan qaramoqda. Isroil tomoni Hamas tahdidi mavjud ekan, o‘z qo‘shinlarini G‘azodan chiqarmasligini bildirgan.

Hamas esa aksincha, agar Isroil o‘z qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishni boshlamasa, uning ittifoqchilari kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni bajarmasligini ma’lum qilgan.

Falastin guruhlarini qurolsizlantirish bo‘yicha aniq harakatlar rejasi kelgusi ikki hafta ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Tinchlik kengashi va xalqaro vositachilar hisob-kitoblariga ko‘ra, qurolsizlanish bo‘yicha kelishuvni to‘liq amalga oshirish 200–300 kungacha davom etishi mumkin.

Kiritildi: 18:58 31.07.2026. O'qildi: 329 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!