Islom tarixidagi eng yirik mutafakkirlardan biri bo‘lgan Muhammad Hakim Termiziyning (820-932) Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan asari “Bahr at-tafsir” nomi bilan ilk bor nashr etildi. Ushbu nodir asar bugungi kungacha tadqiqotchilar tomonidan “yo‘qolgan” deb hisoblab kelinayotgan edi. Ammo Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Jo‘rabek Cho‘tmatov ushbu asar qo‘lyozmasini Turkiyaning Burdur shahridan topdi va uni nashrga tayyorladi. Ushbu asar Turkiyaning Istanbul shahridagi “Dor al-kutub-arabiyya” nashriyotida nashr etildi. Kitob tahririda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Mahmud Normurodov, Faxriddin Xudoynazarov, Abbosxon Abdullayev va Umarali O‘ljayevlar ham ishtirok etishdi.
BATAFSIL
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan Termiziy (taxminan 205-320 / 820-932 yillar) islomning turli yo‘nalishlari, jumladan, Qur’on tafsiriga oid alohida kitob yozgan olim, lekin manbalardan ma’lumki, u ushbu asarni tugatishga ulgurmagan. Bu haqda Hujviriy (467/1074 vaf.) "Kashf al-mahjub", Abdurahmon Jomiy (817-898 / 1412-1494) "Nafaxot al-uns" va Alisher Navoiy “Nasoyim al-muhabbat”da (845-907 / 1441-1501) ma’lumot bergan.
Masalan, Hujviriyga ko‘ra: "Darhaqiqat, u zot tafsir (kitob) boshlagan, lekin tugatishga ulgurmagan. Uning bir qismi, u zot yozishga muvaffaq bo‘lgan miqdordagisi ilm ahli orasida tarqalgandir”.
Alisher Navoiy esa “Nasoyimul muhabbat”da Hakim Termiziy shunday deydi: “.bir tafsir ham ibtido qilg‘ondur. Ammo itmomig‘a umr vafo qilmaydur”.
Muhammad Hakim Termiziy hayoti va ijodini o‘rgangan tadqiqotchilar asarlarida ushbu tafsir "yo‘qolgan" yoki "Hujviriy kitobida kelgan" deb qayd etilgan.
Aslida ushbu asar qo‘lyozmasi Turkiyaning Burdur shahridagi Milliy kutubxonada 143-raqam ostida saqlangan va uning matn qismi kolofonlardan tashqari 139 betdan, 70 varoqdan iborat. Har bir bet ikki kolonkadan iborat va u 549/1154-yilda Sharofiddin Muhammad ibn Abdulvahhob ibn Abdulvohid ibn Muhammad ibn Ali Ansoriy Husayniy asli Sheroziy Dimashqiy Hanbaliy tomonidan ko‘chirilgan. Ammo ushbu Tafsir “Tafsir suratil fatiha va xeyratihi” nomi bilan saqlanganligi tufayli uning Hakim Termiziyga mansubligi uzoq yillar, hattoki asrlar davomida bilinmay kelgan!
Ushbu kitob bir necha qismlardan tashkil topgan:
Dastlab kitob O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning kirish qismi bilan boshlangan (5-7 betlar). Unda ilmning fazli, qo‘lyozmalar tadqiqi ahamiyati, Hakim Termiziy merosining qadri haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Shundan so‘ng unga Marokashdagi Tatvon shahridagi Abdulmalik Sa’diy universitetining “Usul ad-din” fakulteti aqida ilmiy bo‘yicha professori doktor Xolid Zahriy tomonidan 40 betlik “Muqaddima” bitilgan. Ushbu kirish qismning e’tiborli jihati shundaki, unda Hakim Termiziy ijodi bilan bog‘liq so‘nggi xulosalar va yangi jihatlar ochib berilgan. Tafsir va uning ahamiyati haqida nihoyatda sinchkovlik bilan to‘xtalgan va bu yangi ishning ulkan foydalari ko‘rsatib o‘tilgan (9-48 betlar).
Undan so‘ng kitob tadqiqotchisining muqaddimasi o‘rin olgan bo‘lib, unda Termiz va Termiziylarning islom dunyosidagi o‘rniga to‘xtalingan. Jumladan, Termizga Islomning kirib kelishi, Termizda yashgan sahoba va Termiziy nisbasidagi taba tobeinlar, Termizning tafsir, hadis, aqida, fiqh, tasavvuf borasida maktab darajasida faoliyat ko‘rsatgani oxirgi ilmiy yangiliklar asosida ko‘rsatib berilgan. So‘ng Hakim Termiziy qarashlariga to‘xtalib o‘tib, olimning ma’rifat, avliyolik, psixologiya, “maqosid ash-shariy’a” kabi yo‘nalishlardagi asoschiligi ko‘rsatilgan holda, uning hikmat nazariyasi asochisi ekanligi ham ochib berilgan. Shundan so‘ng tafsir, uning qo‘lyozmalari va qo‘lyozmani tahqiq qilish doirasida bajarilgan ishlar ko‘rsatib o‘tilgan va qo‘lyozmaning dastlabki va oxirgi betlaridan namunalar berilgan (49-138 betlar).
So‘ng bevosita Hakim Termiziyning tafsirga oid asari matniga o‘tilgan. Ushbu tafsirda Fotiha surasi to‘liq, Baqara surasining ayrim oyatlari tafsir qilingan. Chunki ta’kidlanganiday, ushbu tafsirni tugatishga muallifning umri vafo qilmagan (139-600 betlar).
Keyin kitobning “Muqtatofat min tafasiyr al-Hakim at-Termiziy li-ba’zil ayat” (Hakim Termiziyning ba’zi oyatlarga qilgan tafsirlaridan namunalar) deb nomlangan qism boshlanib, u tafsirga alohida qism sifatida ilova qilindi. Unda Hakim Termiziyning boshqa tafsirlarda uchraydigan tafsir haqidagi rivoyatlari jamlandi. Bu qismda Imom Abu Lays Samarqandiyning “Bahr al-ulum”, Sulamiyning “Haqoiq at-tafsir” va ushbu tafsirning davomi bo‘lgan “Ziyodot” qismi, Abu Ishoq Nishopuriyning “Al-Kashf val-bayon”, Abulfaroj Ibn Javziyning “Zod al-masir fi ilm at-tafsir”, Faxriddin Roziyning “Mafatih al-g‘ayb”, Qurtubiyning “Al-Jome’ li-ahkom al-Qur’an”, Abulbarakot Nasafiyning “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta’vil”, Abu Hayyon Andalusiyning “Al-Bahr al-muhit”, Abu Zayd Sa’olibiyning “Al-Javahir al-hisan fi tafsir al-Qur’an”, Shirbiniyning “As-Siroj al-munir”, Ismoil Haqqiy Bursaviyning “Ruh al-bayon”, Ibn Ajibaning “Al-Bahr al-madid fi tafsir al-Qur’an al-majid” kabi asarlarida Hakim Termiziydan rivoyat qilingan tafsirga oid rivoyatlar jamlangan (601-692).
So‘ng ilmiy nashr qoidalariga muvofiq tarzda oyat, hadis va rivoyatlar ko‘rsatkichi keltirilgan. Ushbu ko‘rsatkichlarda oyatlar Qur’onda kelgan tartibiga ko‘ra joylashtirilgan (Fotiha, Baqara, Olim Imron...), hadis va rivoyatlar esa mo‘’jam harflari tartibida keltirilgan (أ, ب، ت...) va ular chop etilgan asarning qaysi betida kelganligi ko‘rsatilgan. Umuman, ushbu tafsirda 72 suradan oyatlar mavjud (725-745 betlar).
So‘ng foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati taqdim etilgan. Unda 210 nafar adabiyot mavjud (745-771-betlar).
Hakim Termiziyning “Tafsir”iga kelsak, uning nodirligi shundaki, unda Qur’on oyatlari ham oyat, hadis va olimlarning so‘zlari bilan naqliy jihatdan, shuningdek, aqidaviy, fiqhiy, tasavvufiy, lug‘aviy jihatlar, qolaversa, oyatlarga mustaqil fikriy yondashuv bilan ham tafsir qilingan. Bularning bari esa Hakim Termiziyning ulug‘ donishmand – hakimlik unvoniga sazovor bo‘lish sabablarini ko‘rsatib, tafsir uslubini ham hikmat asosida bo‘lganligini mulohaza qilish mumkin. Keyinchalik Qur’oni Karimni shu tarzda keng miqyosda tahlil etish Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Abulbarakot Nasafiy kabi ulug‘ zotlarning tafsirga bag‘ishlangan asarida ham kuzatilgan va Movarounnahr mufassirlarining asosiy yo‘nalishiga aylanib, Islom dunyosining boshqa ilmiy markazlarida ham bu yo‘nalishning boshlanishiga sabab bo‘lgan. Umuman, bu asar Movarounnahrda yozilgan ilk yozma tafsirlardan biridir. Abd ibn Humayd (vaf. 249/863) “Tafsir”i naqliy uslubda bo‘lsa, ushbu keng miqyosli yozma tarzdagi tafsir borasida esa Termiziyni hozirgi bilimlarimiz doirasida birinchi deyish mumkin.
Xolid Zahriyga ko‘ra, Qur’onni aqida ilmi nuqtai nazaridan tafsir qilish bo‘yicha ham ushbu tafsirni ilk yozma asar sanash mumkin.
Umuman, tafsirda yangi jihatlar ko‘p, buni kitobxon yaxshi anglab olishi mumkin. Ammo bir narsani alohida qayd etish lozim. Qur’on tafsirida rayni – mustaqil fikr va xulosani ishlatish xuddi fiqhda rayni ishlatishdek munozarali masala bo‘lgan. Ammo Hakim Termiziy birinchilardan bo‘lib ushbu tafsirida Qur’onni tafsir qilishda fikrni ishlatish ma’lum shartlar ila joyizligini aytgan. Garchi ilk ray bilan tafsirlar Zayd ibn Aslam va Mujohid kabi ilk asr olimlariga tegishli ekanligi aytilsa-da, uni uslub jihatdan ko‘rsatish va shartlarini bayon qilish bo‘yicha Termiziyning ushbu tafsirda bergan fikrlari fundamental ahamiyat kasb etadi va tub burilishni ifodalaydi. Keltirilganidek, keyinchalik yoki bir oz o‘tib Imom Moturidiy, Nasafiy, Zamaxshariy va boshqalar bu yo‘nalishda tafsir bitishgan.
Kitob nashri doirasida doirasida quyidagi ishlar bajarilgan:
Avvalo, ta’kidlash lozimki, ushbu tafsir asarining birgina nusxasi ma’lum. Ammo ushbu tafsirning ayrim kichik qismlari (kirish va nahv ilmiga oid ikki qismi) doktor Xolid Zahriy tomonidan Hakim Termiziyning risolasi sifatida nashr etilgan “Risolatun fiy xolqil adamiy” va turkiyalik tadqiqotchi Mahmud Chifchi tomonidan chop etilgan Imom Najjorning (Abu Muhammad Tohir ibn Ahmad ibn Muhammad Qazviniy, vaf. 575/1179) “Bayan an-nahv fi ilm al-buduvv” risolasida kelganligi bois ushbu risolalar bilan “Tafsir”da kelgan matn so‘zma-so‘z solishtirilgan va farqlar izohda ko‘rsatilgan. Xolid Zahriy ushbu o‘zi nashr etgan risolani tafsirning kirish qismi ekanligini bilmagan, chunki bu qo‘lyozmada ham aytilmagan. Ammo Najjor o‘zi sharh bergan qismning Termiziy tafsirining bir bo‘lagi ekanligini aytgan, ammo uning bir qisminigina sharhlash uchun keltirgan. Ta’kidlash lozimki, “Tafsir” nashriga Imom Najjorning sharhi ham izoh qismda to‘la-to‘kis keltirilgan.
2. Oyatlar Madina mushafiga muvofiq tarzda qo‘yib chiqilgan va ularning surasi va oyat raqamlari ko‘rsatilgan;
3. Kitob matnida kelgan 160 ta hadis batafsil taxrij qilindi – manbasi ko‘rsatilib, ishonchlilik darajasi baholangan;
4. Kitob matnida kelgan 256 nafar shaxsning tarjimai hollari keltirilgan;
5. Kitobda sahoba va salafi solihlardan rivoyat qilingan 133 ta rivoyat bo‘lib, ularning manbasiga faqat lozim o‘rindagina to‘xtalingan;
6. Izoh qismida keltirilgan barcha tur ma’lumotlarning manbasi: asar jildi, beti va raqamlari aniq ko‘rsatilgan;
7. Asarda kelgan ma’nosi daqiq so‘zlar arab tilining mo‘’tabar lug‘at manbalaridan foydalangan holda izohlangan.
Umuman, Ushbu tadqiqot doirasida 210 adabiyotdan foydalanilgan, mingdan oshiq havolalar (snoska) berilgan.
Umuman olganda, ushbu tafsir har tomonlama nodir manbaligi sababli Hakim Termiziyning dunyodagi yetakchi tadqiqotchilaridan biri bo‘lgan marokashlik olim, doktor Xolid Zahriy tomonidan “Muqaddima”da “ulug‘ kashfiyot” sifatida baholangan.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati.