2025 yil yozida hakerlar tomonidan o‘g‘irlangan Avstraliyaning eng yirik aviakompaniyasi Qantas mijozlarining shaxsiy ma’lumotlari dark web'da e’lon qilindi.
“Report” nashrining 9News telekanaliga tayanib xabar berishicha, kiberjinoyatchilar ma’lumotlarni oshkor etish sababi sifatida kompaniyaning to‘lovdan bosh tortganini ko‘rsatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tarqatilgan ma’lumotlar ichiga ism va familiyalar, tug‘ilgan sanalar, elektron pochta manzillari hamda tez-tez uchuvchi sodiqlik kartalari raqamlari kirgan.
Ro‘yxatda Avstraliyaning bir nechta tanilgan siyosatchilari va jamoat arboblarining shaxsiy ma’lumotlari, jumladan uy manzillari va telefon raqamlari ham mavjud.
Shu bilan birga, aviakompaniya jinoyatchilar kredit karta ma’lumotlari yoki pasport raqamlariga yetib bormaganini ta’kidladi.
“Biz kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar yordamida e’lon qilingan ma’lumotlarni o‘rganmoqdamiz va qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rmoqdamiz”, — dedi aviakompaniya vakillari, davlat idoralari hamda mamlakat federal polisiyasi bilan hamkorlik qilayotganini qo‘shimcha qilib.