Saudiya Arabistoni koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payishi sababli «Haj-2020» ziyoratini bekor qildi.
Covid-19 dunyo bo‘ylab kundalik hayotning ko‘plab jihatlariga, shu jumladan, sayohat, savdo va boshqa muhim iqtisodiy sohalarga ta’sir ko‘rsatdi.
Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vazirligi vakili har bir musulmon o‘zi va atrofidagilarning xavfsizligini ta’minlashga mas’ul ekanligini eslatib o‘tdi.
Haj ziyoratining to‘xtashi qiyomat alomatlaridan biridir
Abu Said Al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar:
«Qasamki, Ya’juj va Ma’juj chiqqanidan keyin ham Bayt-Ka’bada haj qilinadi va umra ham qilinadi» (Buxoriy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifda aytadilar:
«Bayt, Ka’ba haj qilinmay qolguncha Qiyomat soati qoim bo‘lmaydi».
Sahihul-Buxoriy sharhida imom Ibn Hajar rahimahulloh esa, quyidagicha sharhlaydilar:
«Ikkala hadisni ham bir-biri bilan jamlash mumkin. Ya’juj va Ma’juj chiqib, so‘ng ularning fitnasi tugab, halok bo‘lib ketganidan keyin ham odamlar hajga boradilar. Qiyomat soati zohir bo‘lishi yaqinlashgan davrlarning qaysidir bir vaqtida, Qiyomat soati juda ham yaqinlashib qolgan payt haj to‘xtab qolishi mumkin. Alloh O‘zi bilguvchiroq Zot, «Haj qilinadi va umra ham qilinadi…» degan so‘zlaridan ko‘zlangan maqsad shuki, uning makoni haj qilinadi. Chunki, keyinroq keladigan bobda batafsilroq xabari keladi, habashlar Ka’bani buzib tashlaganlaridan so‘ng u qayta qurilmaydi. Ya’ni, Ka’ba binosi yo‘q qilinganidan so‘ng bo‘shab qolgan o‘sha yerida, uning belgilari qolib, o‘sha belgilar atrofidan tavof qilinib, haj va umralar o‘sha payt ham shu tarzda davom etadi» (Fathul-boriy).
Demak, Ibn Hajar rahimahullohning sharhlariga binoan, oxiri zamonda habashistonlik kofir bosqinchilar tomonidan Ka’ba binosi vayron qilib tashlanganidan keyin ham haj va umralar davom etadi, garchi Ka’ba binosi yo‘q bo‘lsa ham. Keyin yana qanchadir zamon o‘tib Qiyomat soati juda ham yaqin bo‘lib qolganda haj va umralar butunlay to‘xtab qoladi.
Lekin, undan oldingi davrlarda ham qisqa muddat davomida haj va umralar to‘xtab qolib, keyin yana qaytadan haj qilish boshlanishi va uzoq asrlar davom etishi mumkin. Tarix bunga guvoh. Islomning 14 asrlik tarixi davomida bir necha marta shunga o‘xshash ulkan musibatlar ro‘y bergan. Allohga shukrki, ana shu musibatlarning hech qaysi biri uzoq davom etmagan, balki butun dunyodan keladigan musulmonlar tez orada yana qaytadan to‘p-to‘p bo‘lib kelishib, haj va umralar qilishda davom etganlar.
islam-today.ru va boshqa internet materiallari asosida tayyorlandi