Ish haftasi davomida O‘zbekiston hududiga salqin va nam havo massalari kirib kelishi davom etadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Markaziy va sharqiy viloyatlar bo‘yicha ayrim joylarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Faqat dushanba kunduzi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ba’zi joylarda, seshanba kuni Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Ba’zi joylarda shamol 13−18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Dushanba kunduzi havo harorati +27…+32 daraja, seshanba kuni +22…+25 daraja, 28−30 mayda +25…+30 daraja, ba’zi joylarda +32 darajagacha bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida dushanba kunduzi qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +29…+31 daraja bo‘ladi. Seshanbada asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +23…+25 daraja bo‘ladi.
Chorshanba kuni kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat +28…+30 daraja bo‘ladi. 29−30 may kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat 29 mayda kechga tomon, 30 mayda kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol vaqti-vaqti bilan 12−14 m/s gacha kuchayadi, ba’zi joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.