Isroil hukumati G‘azo sektori va bosib olingan G‘arbiy sohilda faoliyat yuritayotgan ko‘plab insonparvarlik tashkilotlari faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga olib keladigan choralarni ko‘rdi, deb yozadi Haaretz gazetasi.
Nashrning qayd etishicha, avval Isroilda faoliyat yuritish uchun ruxsat olgan ko‘plab gumanitar tashkilotlar joriy etilgan qat’iy tartiblar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Natijada minglab tonna oziq-ovqat va insonparvarlik yordami G‘azo tashqarisida qolib ketgan.
Qayd etilishicha, Isroilning yangi siyosati gumanitar tashkilotlarning G‘azo va G‘arbiy sohilga kirish shartlarini qattiqlashtirib, xodimlar va ularning oila a’zolari haqida batafsil ma’lumot taqdim etishni talab qilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, joriy otishmani to‘xtatish kelishuviga qaramasdan, G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat hanuz juda og‘irligicha qolmoqda.
“Yuz minglab falastinliklar hanuzcha chodirlarda yashamoqda. Suv, kanalizasiya va elektr tarmoqlari vayron qilingan, shifoxonalar yaradarlar va kasallar bilan to‘lib ketgan, oziq-ovqat narxi osmonga chiqqan, aholining katta qismi insonparvarlik yordamiga muhtoj”, — deb yozadi Haaretz.
Maqolada aytilishicha, yangi tartiblar gumanitar tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi a’zosi Amichay Shikli boshchiligidagi Diaspora ishlari vazirligiga topshirilgandan so‘ng ishlab chiqilgan.
Xabar qilinishicha, endi gumanitar tashkilotlar Isroil rasmiylariga ko‘plab hujjatlar, jumladan, barcha xodimlar (shu jumladan, falastinliklar) ro‘yxati va ularning oila a’zolari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.
Qayd etilishicha, Diaspora ishlari vazirligiga ruxsatnomalarni rad etish bo‘yicha keng vakolatlar berilgan. U “Isroilning yahudiy va demokratik davlat sifatida mavjudligini inkor etuvchi” yoki “qonuniyligini shubha ostiga qo‘yuvchi” har qanday tashkilot arizasini rad etishi mumkin.
Shuningdek, G‘azo sektorida urush jinoyatlari va genosid ayblovlari bilan Isroil fuqarolarining xorijda yoki xalqaro sudlarda ta’qib etilishini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlarga ruxsat berilmasligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, agar tashkilot xodimlaridan biri so‘nggi yetti yil ichida Isroilni boykot qilishga chaqirgan bo‘lsa, ariza ham rad etiladi.
Nashr yozishicha, sentyabr oyidan beri Isroil agentligi gumanitar tashkilotlarning 100 ta arizasini ko‘rib chiqqan, ulardan 14 tasi rad etilgan, qolganlari esa ko‘rib chiqish jarayonida.
Ruxsat olgan ba’zi tashkilotlar 2024 yil may oyida Isroil va AQSh tomonidan tuzilgan G‘azo gumanitar yordam jamg‘armasi bilan hamkorlik qiladi, ammo falastinliklar buni “o‘lim tuzog‘i” deb atashgan.
Isroil va Qo‘shma Shtatlar avval BMT agentliklari yoki yirik xalqaro tashkilotlar orqali emas, aynan shu jamg‘arma orqali yordam tarqatishga urinishgan, ammo jamg‘arma qattiq tanqidga uchragan va oktyabr oyida faoliyatini to‘xtatgan.
Keyinchalik Isroil armiyasi jamg‘arma markazlari yaqinida o‘q uzgani natijasida yordam kutgan o‘nlab falastinliklar halok bo‘lgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, so‘nggi haftalarda Isroil G‘azoga gumanitar yuklarni muqobil kanallar orqali yetkazish urinishlariga ham to‘siq qo‘ymoqda.
Isroil ruxsatini ololmagan tashkilotlar BMT tuzilmalari yoki boshqa ruxsatga ega idoralar orqali yordam jo‘natishga uringan, ammo Isroil rasmiylari bu yo‘llarni ham yopib qo‘ygan.
Natijada katta hajmdagi insonparvarlik yordami Isroil, Iordaniya, Misr va Falastin ma’muriyati hududlarida qolib ketgan.