Angliya Premyer-ligasi doirasida “Manchester Siti”ning “Arsenal”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Gap shundaki, “Emireyts”dagi o‘yinda Xosep Gvardiola shogirdlari o‘yin vaqtining atigi 33 foizida to‘pga egalik qildi.
Bu ispaniyalik mutaxassis milliy ligalardagi murabbiylik faoliyatida qayd etgan eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Tanqidchilar Gvardiolaning bu taktikasini tanqid qilib, uni Joze Mourinyo bilan taqqosladi. Bu Pepga yoqmadi.
- APLda g‘olib chiqqanimizda ham bizni zerikarli jamoaga chiqargansizlar, to‘g‘rimi? Balki kelajakda futbolchilar men bu mavsumda qanchalar o‘zgarganimni aytib berishar. Chunki ular har bir uchrashuvda, hamma majlisda ishtirok etadi. Ulardan so‘rashingiz mumkin.
O‘ylashimcha, hech narsa o‘zgarmagan. “Napoli”ga qarshi boshqacha o‘ynadikmi? Yo‘q, albatta. Oradan uch kun o‘tib, taktikani o‘zgartirdikmi? Jin ursin, nahotki men uch kun ichida hamma narsani o‘zgartira olgan bo‘lsam. Unaqada men haqiqatan zo‘r murabbiy ekanman, - dedi Xosep Gvardiola.