Cholning uzundan uzoq hazrati butun oromimni o‘g‘irlab qo‘ydi. Suhbatdan emas, bir inson taqdiriga jamlangan va shu yoshida ham poyonini topmagan og‘ir qismat qiliqlariga nainki so‘zlaguvchi, balki, eshitguvchining-da dosh berishi qiyin edi. Birovning xastaligiga sherik bo‘lishning iloji topilsaydi. Dunyoi-dunning qahri ham, zahri ham shuki, har kim boshiga tushganini ko‘rishga majbur. Hali hech kim peshonasidagi yozug‘ning loaqal bir nuqtasini o‘chirolmagan. Yetmish besh yoshida yolg‘izlik azobini tortish dushmaningga ham ravo ko‘rmaydigan jabr. Yana qo‘llar qaltirab tursa. Bu ham yetmagandek, ko‘z nuri so‘nib borayotgan bo‘lsa. Shu holatda ovqat tayyorlash, kiyimlarni yuvish, yashab turgan xonani tartibga keltirish, axlat to‘kish...
Oqsoqolni bezorilar o‘z ostonasi yonida do‘pposlashganini eshitganimda, go‘yoki ko‘z o‘ngim qorong‘ilashib, butun vujudimni sovuq ter bosdi. Qanday toshyurak ablah himoyasiz, tabarruk insonga musht o‘qtalsa...
Suhbatdoshimga yordam berish rejalarini xayolimdan o‘tkazib, chuqur o‘yga botgan paytimda, u o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Yo‘lakkacha kuzatib chiqdim. Bilagidan ushlab, tik zinalardan tushayotganimizda viloyat transport tashkilotlarida rahbarlik lavozimida ishlayotgan tanishimga duch keldim.
— Siz kiravering, men hozir!
Oqsoqolni kuzatib, qabulxonada kutib turgan mehmon bilan qayta so‘rashdim.
— Ahmad aka, nima deb kelibdi, — dedi u dabdurustdan.
Yorug‘ dunyoda birov bilmasa kerak, deb o‘ylagan mo‘ysafidni birinchi uchragan zot tanishi hayratimni oshirdi.
Hanuz boyagi suhbat ta’sirida edim. O‘sha ehtiros bilan otaxonning kechmishi haqida gapirib berdim. Biroq suhbatdoshimning qiyofasida hamdardlik, achinish alomatlarini ko‘rmadim. Boz ustiga u:
— Ahmad aka kimlarning boshiga yetgani haqida og‘iz ochmagandir. — Albatta, aytmaydi, — dedi.
— Siz oqsoqolni taniysizmi?
—Ha, bir paytlar avtobus haydagan. Pichog‘i moy ustida yashaganida qancha-qancha odamlarga tuhmat qilib, qamatib yuborgan. Avtosaf boshlig‘imiz bu odamning dastidan tuzalmas kasallikka uchrab, hayotdan ko‘z yumgan. Eh-he, ne-ne sofdil kishilarning boshida tegirmon toshini yurgizgan bu odamni hali ham yer ko‘tarib yurganiga aqlim bovar qilmaydi.
U ketdi. Bir nafasda ikki xil kechinma iskanjasida qoldim.
— Boyagi nuroniy arz bilan kelibdimi? — Kutilmaganda idora qorovuli ham savolga tutdi. So‘ng shoshib izoh berdi: — Bu odam haqida xunuk gap tarqalgan edi. Ya’ni asrab olgan qizini...
— Bas qiling! — Ko‘nglimga cho‘kkan xiralik g‘ashlikka aylanib ulgurgan edi.
Vo ajabo... Dilimdagi nido bo‘g‘zimga tiqildi. Tilimda aylanayotgan savollar qulog‘imni qomatga keltirdi:
Ey, odam! Nega ibrat uyida yashab, o‘zingdan avvalgilar hayotidan saboq chiqarmaysan. Rabbimning intiqomi tayinligini bila turib, shaytonga bosh egasan, nafs ko‘yida talvasaga tushasan, kibrga berilib, botqoqqa botasan, zulmatdan, jaholatdan bahra olasan. Osmonu zaminni ko‘rishga qodir nigohing nega faqat oyog‘ing ostini ko‘radi? O‘zining izmisiz bir xas joyidan jilmasligiga yetgan aqling “Qilmish-qidirmish” degan ikki og‘iz lutf ma’nosiga yetolmaydi?
Ko‘chaga chiqdim. Oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab, ketib borayotgan chol xuddi gunohning kasri kabi tuyuldi. Ajabo, bir qarashda beozor tuyulgan bandang yelkasida shunday zalvorli yuk bo‘lsa, o‘zini Fir’avn sanab yurgan ba’zi kimsalar boshida qanday sinovlar bor ekan?
Bu savol kimga atalgan: cholgami, o‘zimgami yoki barchaga. Bilolmadim.
A.Abdullayev,