6 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin o‘rtasida «Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim» imzolandi. bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Bitim doirasida taxminan 182 million dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan. Mazkur mablag‘lar O‘zbekistonning ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya bosh prokuraturasi tomonidan G.Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi», deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Uzbekistan Vision 2030 Fondi» Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.
2022 yil 16 avgustda Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi «Shveysariya Konfederasiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarish usullari to‘g‘risidagi bitim» imzolangandi. Ushbu bitim noqonuniy orttirilgan aktivlarni BMTning «Uzbekistan Vision 2030 Fondi» deb nomlangan Ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali O‘zbekistonga qaytarish mexanizmi hamda asosiy tamoyillar va maqsadlarni belgilaydi.
Mazkur ishlar doirasida 2022 yil avgustda imzolangan birinchi bitim taxminan 131 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishini nazarda tutadi. Yangi bitim imzolanishi bilan O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarilgan mablag‘larning jami miqdori 313 million dollarga yetadi