Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida Gruziyaning sobiq prezident Mixail Saakashvili hamda mamlakatdagi uchta asosiy muxolifat bloki vakillari bo‘lgan yetti siyosatchi bor: Georgiy Vashadze, Nika Gvaramiya, Nika Meliya, Zurab “Girchi” Japaridze, Elene Xoshtariya, Mamuka Xazaradze va Badri Japaridze. Ushbu siyosatchilarning olti nafari, jumladan Saakashvili ham, hozirda qamoqda.
Gruziya bosh prokurori Georgiy Gvarakidzening so‘zlariga ko‘ra, ularga "sabotaj, dushman davlatga yordam berish, konstitusion tuzum va milliy xavfsizlik asoslariga qarshi faoliyatni moliyalashtirish hamda konstitusion tuzum yoki davlat hokimiyatini zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga da’vat qilish" ayblovlari qo‘yilgan.
Prokuratura, shuningdek, uch siyosatchini boshqa davlat hukumatlariga Gruziyaning Rossiya bilan iqtisodiy va mudofaa aloqalari haqida ma’lumot yetkazganlikda ayblamoqda. Qayd etilishicha, bu, Tbilisiga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy etish uchun “sun’iy asos yaratish” maqsadida qilingan. Biroq qaysi davlatlar nazarda tutilayotgani ochiqlanmagan.
Oktyabr oyi oxirida mamlakatda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi Konstitusiyaviy sudga uch asosiy muxolif partiyani — “Milliy harakat”, “O‘zgarishlar uchun koalisiya” va “Lelo — Kuchli Gruziya” partiyalarini tarqatib yuborish haqida ariza kiritgan edi.