Kecha ertalab Gresiya sohil qo‘riqchisi mamlakat suvlarida 247 nafar migrantni ushlab qoldi. Ular polisiyaga topshirilib, deportasiyagacha vaqtinchalik qamoq markazlariga joylashtirildi.
«Ular boshpana so‘rash huquqiga ega emas va qabul markazlariga yuborilmaydi», — dedi Gresiya migrasiya vaziri Tanos Plevris kecha “X” ijtimoiy tarmog‘ida.
📌 Yaqinda Shimoliy Afrika davlatlaridan kelgan migrantlar uchun boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqish jarayoni uch oyga to‘xtatilgan edi. Ushbu 247 kishi — yangi tartibga tushgan ilk guruh hisoblanadi. Ular Liviyadan kelgan va Gavdos hamda Krit janubidagi dengiz hududida ushlangan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, ulardan biri yaralangan va keyinroq kasalxonada vafot etgan.
Avvalroq mamlakatda qonuniy maqomga ega bo‘lmagan shaxslar qamoqqa olinmas edi, ammo endi Gresiyani ixtiyoriy tark etmaslik holatida migrantlar kamida ikki yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Qoidani takroran buzish besh yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin. Bu bo‘yicha qonun loyihasi Migrasiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, vazirlik polisiya ixtiyoriga qo‘shimcha inshootlarni topshirdi, ular noqonuniy kelgan shaxslarni izolyasiya qilish uchun ishlatiladi. Har bir noqonuniy migrant haqida deportasiya buyrug‘i darhol chiqariladi va chiqarib yuborilgunga qadar hibsda saqlanadi. Bu yangi tartib endi barcha noqonuniy kirish holatlariga nisbatan qo‘llaniladi.