Gresiya Sohil Xavfsizlik Xizmatining Xios oroli yaqinida noqonuniy migrantlarni olib ketayotgan qayiqni ushlashi natijasida halok bo‘lganlar soni 14 kishiga yetdi, 24 kishi jarohatlangan holda kasalxonaga yotqizildi.
Bu haqda Gresiyaning ERT-news telekanali xabar berdi.
Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, Xios orolidagi Myrsinidio plyaji yaqinida qirg‘oq qo‘riqlash kemasi va noqonuniy migrantlarni olib ketayotgan tezyurar qayiq o‘rtasida hodisa yuz bergan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 kishi halok bo‘lgan va 24 kishi jarohatlangan. Ikki qirg‘oq qo‘riqlash xodimi jarohatlar bilan kasalxonaga olib ketilgan, shuningdek, yetti bola va homilador ayolni o‘z ichiga olgan 22 nafar jarohatlangan migrant ham bor.
Bedarak yo‘qolganlar haqidagi xabarlar tufayli qirg‘oq qo‘riqlash va Harbiy-havo kuchlari ishtirokida qidiruv-qutqaruv operasiyasi davom etmoqda. Dastlabki rasmiy xabarga ko‘ra, migrantlarni olib ketayotgan tezyurar qayiq qirg‘oq qo‘riqlash kemasi bilan to‘qnashdi. Voqea joyida to‘rtta qirg‘oq qo‘riqlash kemasi, bortida xususiy g‘avvoslar bo‘lgan kema va Harbiy-havo kuchlari vertolyoti ishlamoqda. Avvalroq, Skai telekanali qirg‘oq qo‘riqlash xizmatiga tayanib, to‘rt nafar qurbonning jasadi topilganini xabar qilgan edi, Efimerida ton Sindakton gazetasi esa kamida besh kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Sohil qo‘riqlash kemasi noqonuniy muhojirlarni olib ketayotganlikda gumon qilingan qayiqni to‘xtatish bo‘yicha operasiya o‘tkazayotgan edi. O‘sha paytda ikki kema to‘qnashdi yoki otishma sodir bo‘ldi, natijada ko‘plab yo‘lovchilar jarohat oldi. Qayiqda taxminan 35 kishi bo‘lgan, ularning ba’zilari bedarak yo‘qolgan.