Bugun 6 iyun, 2026 yil, shanba

КИР

Germaniyada O‘zbekiston fuqarolariga noqonuniy ravishda Shengen vizalarini rasmiylashtirib berganlikda gumonlanayotgan xalqaro guruhga qarshi amaliyot o‘tkazildi

Germaniyada O‘zbekiston fuqarolariga noqonuniy ravishda Shengen vizalarini rasmiylashtirib berganlikda gumonlanayotgan xalqaro guruhga qarshi amaliyot o‘tkazildi

Germaniya prokuraturasining ma’lum qilishicha, tergov doirasida chet elliklarni mamlakatga noqonuniy olib kirish, noqonuniy yashashni tashkil etish, viza olishda firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish holatlari o‘rganilmoqda.

Mazkur ish bo‘yicha Germaniyaning Hessen va Quyi Saksoniya federal yerlaridagi yettita manzilda tintuv o‘tkazilgan. Operasiyaga 220 nafarga yaqin federal polisiya xodimi jalb qilingan.

"Tergovchilar e’tiborida asosan O‘zbekiston fuqarolaridan iborat bo‘lgan, xalqaro miqyosda faoliyat yuritgan guruh turibdi. Tintuvlar davomida 12 nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Shuningdek, Germaniyada noqonuniy yashayotgan yana 9 nafar shaxs ham tekshiruvga olingan", deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar ish izlab Yevropaga ketmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun qisqa muddatli Shengen vizalarini rasmiylashtirib bergan. Buning uchun ular davlat idoralariga yolg‘on ma’lumotlar taqdim etgan va soxta hujjatlardan foydalangan.

Tergov materiallarida qayd etilishicha, Germaniyaga kirib kelgan shaxslarga keyinchalik qalbaki Yevropa Ittifoqi hujjatlari ham berilgan. Ushbu hujjatlar yordamida bank hisobvaraqlari ochilgan, mobil telefon raqamlari faollashtirilgan, shuningdek, turli davlat idoralari va sug‘urta tizimlarida ro‘yxatdan o‘tish ishlari amalga oshirilgan.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, guruh kamida 76 nafar O‘zbekiston fuqarosi uchun viza rasmiylashtirgan bo‘lishi mumkin. Bir dona viza uchun 2 ming yevro, aviachipta uchun yana 2 ming yevro, qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun esa 400 yevro talab qilingan.

Kiritildi: Bugun 19:43. O'qildi: 275 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!