Germaniyada hukmron koalisiya ukrainalik qochqinlarga to‘lanadigan nafaqalar tartibini o‘zgartirishga qaror qildi. BILD nashrining yozishicha, 2025 yil 1 apreldan keyin Germaniyaga keladigan Ukraina fuqarolari endilikda Bürgergeld — ishsizlik bo‘yicha asosiy nafaqani ololmaydi. Ular endi boshpana izlovchilar maqomiga tenglashtiriladi va kamroq miqdorda to‘lov oladi.
Bu haqda Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt va mehnat vaziri Berbel Bas ma’lum qildi. Shu tariqa, Germaniya to‘rt yilga yaqin vaqt davomida ukrainaliklarga berilgan alohida maqomni bekor qilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda ilgariroq joylashgan qochqinlar avvalgidek to‘lovlarni olishda davom etadi.
BILD hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda ukrainaliklar oyiga 563 yevro (yolg‘iz kishi uchun) hamda uy-joy va kommunal xizmatlar uchun qo‘shimcha to‘lov olmoqda. Islohotdan keyin yangi kelganlar boshpana izlovchilar to‘g‘risidagi qonun asosida oyiga atigi 441 yevro oladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada hozirda 1,1 millionga yaqin ukrainalik yashaydi, ammo ularning faqat bir qismi doimiy ishga ega. Siyosatchilar yangi tartib fuqarolarni ish topishga rag‘batlantiradi, degan umidda.