Germaniyadagi So‘l partiya iqtisodiyot vaziri Katerina Rayxe ustidan Federal konstitusiyaviy sudga murojaat qildi. Bunga vazirlikning Instagram sahifasida Berlindagi saylovlardan so‘ng e’lon qilingan videorolik sabab bo‘lgan.
Rolikda XDI vakili Rayxe So‘l partiyaning yirik uy-joy kompaniyalarini davlat tasarrufiga o‘tkazish haqidagi taklifini tanqid qilgan. U bu tashabbus Berlin va Germaniyaning investisiyalar hamda biznes uchun jozibadorligiga xavf tug‘dirishi mumkinligini aytgan. Shuningdek, partiyani antisemitizmda ayblagan.
So‘l partiya videoni 29 sentyabrga qadar o‘chirishni talab qilgan, ammo u internetda qolgan. Shundan so‘ng partiya vazir davlat organlarining betaraflik tamoyilini buzganini bildirib, sudga murojaat qilgan.
Partiya Baden-Vyurtemberg, Brandenburg, Gessen, Saksoniya va Shlezvig-Golshteyn ichki ishlar vazirliklarining rasmiy kanallarida e’lon qilingan o‘xshash materiallar yuzasidan ham huquqiy chora ko‘rgan. Saksoniya va Shlezvig-Golshteyn vazirliklari postlarni o‘chirgan, qolgan uch hududdagi idoralar esa ularni saqlab qolgan.