Germaniyada iyul oyida korxonalar bankrotligi bilan bog‘liq 2373 ta holat ro‘yxatga olindi. Bu so‘nggi 13 yil ichida qayd etilgan eng yuqori oylik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Bu haqda Die Zeit nashri mamlakat Federal statistika idorasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Nashrning ta’kidlashicha, o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan bankrotlik holatlari soni 8 foizga oshgan.
Bundan yuqori ko‘rsatkich so‘nggi marta 2013 yilning iyul oyida kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda 2459 ta bankrotlik holati qayd etilgan edi.
Shu bilan birga, kreditorlarning umumiy talablari hajmi o‘tgan yilgi 31,8 milliard yevrodan 21,9 milliard yevrogacha kamaygan.
Die Zeit nashriga ko‘ra, bankrotliklar o‘rtacha hisobda nisbatan kichikroq korxonalarga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yilning dastlabki yetti oyida bankrotliklar eng ko‘p transport va ombor xo‘jaligi, mehmonxona-restoran biznesi hamda qurilish sohalarida kuzatilgan.