Germaniyada g‘oyib bo‘lgan bola tirik topildi. U bir haftadan ko‘proq vaqt davomida kanalizasiya tizimida yotgan, deya xabar beradi BBC News.
Germaniyaning Oldenburg shahrida sakkiz yoshli Jo ismli bola 17 iyun kuni g‘oyib bo‘lgan. Bola shanba kuni ertalab topilgan. Kanalizasiya qudug‘i yonidan o‘tib ketayotgan kishi uning qichqirig‘ini eshitib qolgan.
Qutqaruvchilar bolani uyidan 300 metr uzoqlikdagi kanalizasiya qudug‘idan olib chiqishdi. Bola zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan. Hozirda uning sog‘lig‘iga jiddiy shikast yetmagani ma’lum bo‘ldi.
Shanba kuni polisiya bola kanalizasiya tizimiga kirib, ichkarida adashib qolganini aytdi.
Uning ota-onasi mahalliy matbuotga o‘g‘lining salomatligi yaxshi ekanini aytishgan.