Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy oyda — 25 sentyabr holatiga — 3345 ta dastlabki boshpana so‘rovi berilgan. O‘tgan yilning sentyabr oyida esa bu ko‘rsatkich 9126 tani tashkil etgan. Shu tariqa, arizalar soni 65 foizga kamaygan.
Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt ushbu natijani hukumatning migrasiya siyosatidagi o‘zgarishlari bilan bog‘ladi. Uning BILD nashriga bildirishicha, bu raqamlar «migrasiya siyosatidagi burilish» natijasidir.
«Nazorat, aniq yo‘nalish va qat’iy choralar tufayli migrantlar oqimini sezilarli darajada qisqartirishga erishmoqdamiz. Shu bilan birga, munisipalitetlarimizga tushayotgan yuklamani ham sezilarli kamaytiryapmiz», — dedi Dobrindt.
Endi vazir Germaniyaning migrasiya siyosatidagi ushbu yondashuvni Yevropa miqyosida kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bugun Dobrindtning taklifiga ko‘ra, Myunxenda Yevropaning 17 davlati ichki ishlar vazirlari yig‘iladi.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini muhofaza qilishni kuchaytirish hamda migrantlarni kelib chiqqan mamlakatlariga qaytarish jarayonini tezlashtirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.