Germaniya, Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida Isroil Jinoyat kodeksiga kiritilishi muhokama qilinayotgan, o‘lim jazosini qo‘llash imkoniyatlarini kengaytiruvchi tuzatishlar yuzasidan "chuqur xavotir" bildirildi. Ular Isroilni ushbu yangiliklardan voz kechishga chaqirdilar. Mazkur o‘zgartirishlar yaqin kunlarda Knessetda ovozga qo‘yilishi mumkin.
"Bizni, ayniqsa, ushbu qonun loyihasining de-fakto kamsituvchi xarakteri xavotirga solmoqda. Uning qabul qilinishi Isroilning demokratiya tamoyillarini hurmat qilishga bo‘lgan sodiqligini shubha ostiga qo‘yadi. O‘lim jazosi – bu hech qanday to‘xtatuvchi kuchga ega bo‘lmagan, insoniylikka zid va kamsituvchi jazo turidir. O‘lim jazosidan voz kechish – bizni birlashtiruvchi fundamental qadriyatdir", – deya ta’kidlanadi bayonotda.
Isroilda terrorizm uchun o‘lim jazosini joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi o‘ta o‘ngchi "Yahudiy kuchi" partiyasi vakili Limor Son Xar-Melex tomonidan ilgari surilgan. 2025 yil noyabr oyida u Knesset tomonidan birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi. Jinoyat kodeksiga tegishli tuzatishlar isroillikni o‘ldirgan falastinlikka o‘lim jazosini tayinlash imkonini beradi, ammo falastinlikni o‘ldirgan isroillikka emas, deb yozgan edi o‘shanda AFP agentligi.
Isroil qonunchiligi muayyan jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash imkoniyatiga ruxsat beradi, biroq oxirgi marta o‘lim hukmi 1962 yilda ijro etilgan. O‘shanda Quddus sudi qarori bilan nasist jinoyatchisi, yevropalik yahudiylarni o‘lim lagerlariga deportasiya qilishning asosiy tashkilotchilaridan biri Adolf Eyxman osib o‘ldirilgan edi.