Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Berlinga tashrifi chog‘ida Germaniya va Ukraina strategik sheriklik to‘g‘risida kelishib oldi va hamkorlik, xususan, mudofaa sohasiga oid shartnomalarni imzoladi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainani kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashini, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, uzoq masofali qurollar, dronlar va o‘q-dorilar bilan yordam berishini tasdiqladi.
Rasmiy Kiyevning aniqlik kiritishicha, tomonlar to‘rt milliard yevrolik hamkorlik paketini kelishib olgan. U havo hujumidan mudofaani kuchaytirish, uzoq masofaga zarba berish imkoniyatlarini rivojlantirish va dronlarni birgalikda ishlab chiqarishni ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari, Germaniya Ukrainaga yordam sifatida Patriot tizimlari uchun bir necha yuzlab raketalar xaridini moliyalashtiradi va 36 ta IRIS-T uchirish qurilmalarini yetkazib beradi, bu esa Ukraina shaharlari va infratuzilmasi himoyasini mustahkamlaydi.