Bundestagdagi o‘ta o‘ngchi Afd fraksiyasining iqtisodiy siyosat bo‘yicha vakili Shteffen Kotre va Afd'ning Saksoniya federal yeridagi bo‘limi rahbari Yorg Urban 3-6 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF) ishtirok etishlarini t-online portaliga tasdiqladilar.
Nashrning aniqlik kiritishicha, AfD'ning bundestagdagi fraksiyasi raisi o‘rinbosari Markus Fronmayer ham Sankt-Peterburgga boradi. Xalqaro iqtisodiy forumda AfD'dan Yevropa parlamenti deputati Petr Bistron ham ishtirok etadi.
Bistron Bild nashri bilan suhbatda safar sabablarini shunday izohladi: "Ursula fon der Lyayen nomidan Putinga urushni to‘xtatishi kerakligini shaxsan yetkazmoqchiman. Men urushning tezroq tugashi va iqtisodiy munosabatlarning normallashuvi tarafdoriman. Myunxendan kelgan yevroparlament deputati sifatida ham Siemens, ham BMW Rossiyada yana to‘liq hajmda faoliyat yuritishini istayman", — dedi u.
Shteffen Kotre t-online nashriga safarining maqsadlaridan biri "biz harbiy ritorikani emas, balki tinch diplomatiyani istashimizni ko‘rsatish" ekanligini, Germaniya federal hukumati esa, afsuski, bu ritorikadan asossiz foydalanayotganini aytdi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga yana "Rossiyadan keladigan arzon va xavfsiz energiya" kerak.
"Saksoniyaga Yevropa tinchligi va farovonligining kafili sifatida Rossiya kerak", — deya ta’kidladi Urban.
Bild ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva tomonidan AfD siyosatchilariga yuborilgan taklifnomada Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi "adolatli tinchlik va xavfsiz kelajak yo‘lida ishbilarmonlik, siyosiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga" hissa qo‘shishi kerakligi ta’kidlangan.
Hujjat Putinning yaqin maslahatchisi Anton Kobyakov tomonidan imzolangan. Maktubda Rossiya prezidenti tadbirda ishtirok etishi ko‘rsatilgan, deyiladi xabarda.