Germaniya Migrasiya va qochqinlar bo‘yicha federal idorasi (BAMF) suriyaliklarga qochqin maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi bildirishnomalarni yuborishni boshladi. BILD nashri ma’lumotiga ko‘ra, bunday xatlar, birinchi navbatda, polisiya e’tiboriga tushgan yoki Germaniyadan vaqtincha chiqib ketib, keyin mamlakatga qaytgan shaxslarga yuborilmoqda.
Germaniya hukumatining asosiy dalili — 2024 yil dekabr oyida Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng Suriyadagi fuqarolik urushi tugagani va mamlakatdagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgarganidir.
BAMF ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tish davri hukumati mamlakat hududining katta qismini nazorat qilmoqda. «Islom davlati» kabi qurolli guruhlar esa amaldagi hokimiyatga real muqobil kuch sifatida qaralmayapti.
Idora qo‘shimcha dalil sifatida BMT ma’lumotlarini keltirmoqda. Unga ko‘ra, 2024 yil dekabridan 2026 yil martigacha Suriyaga 1,5 milliondan ortiq kishi qaytib kelgan.
Shu bilan birga, Germaniya rasmiylari Suriyada oziq-ovqat va uy-joy tanqisligi, narxlarning yuqoriligi hamda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini tan olmoqda. Biroq ularning baholashicha, bu qiyinchiliklar vatanga qaytishni imkonsiz qilmaydi.
Himoya maqomining bekor qilinishi Germaniyadan darhol deportasiya qilishni anglatmaydi. Hozircha tegishli qarorlarda mamlakatni tark etish talabi mavjud emas.
«So‘nggi bir necha haftada suriyaliklarni himoya maqomidan mahrum qilish jarayonlari keskin ko‘payganini kuzatmoqdamiz. Ma’muriy sudlarga da’volarning ommaviy oqimi yaqinlashmoqda», — dedi migrasiya masalalari bo‘yicha advokat Filipp Pruy BILD nashriga.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada taxminan 916 ming nafar Suriya fuqarosi yashaydi. Avvalroq Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakatda istiqomat qilayotgan suriyaliklarning 80 foizini o‘z vataniga qaytarishni maqsad qilib qo‘ygan edi.