Bundesver bosh inspektori Karsten Broyer Welt nashrida bergan intervyusida ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi shaxsiy tarkibi va qurol-yarog‘lari sonini shiddat bilan oshirmoqda. Bu Ukrainaga qarshi urush ehtiyojlaridan ancha ortiq bo‘lib, NATOga tahdid solishi mumkin.
Broyerning aytishicha, kelasi yili RF qurolli kuchlari ikki baravarga ko‘payib, 1,5 million askarni tashkil etadi. "Biz har yili 1500 ga yaqin jangovar tank qayta ishlab chiqarilayotgani yoki omborlardan olinib, ta’mirlanayotganini kuzatmoqdamiz. Bu Ukrainaga qarshi urush uchun kerakli miqdordan ancha ko‘p. Bundan tashqari, omborlar o‘q-dorilar bilan to‘ldirilmoqda," deya qayd etdi Broyer.
Uning fikriga ko‘ra, Rossiya "2029 yilda NATO hududiga an’anaviy qurollar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirishga qodir bo‘ladi." Harbiy mutaxassisning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maqsadi NATOni ittifoq sifatida zaiflashtirish va yo‘q qilish, shuningdek, G‘arb jamiyat modelini obro‘sizlantirishdan iborat.
Shu bilan birga, Broyer yangi prezident Donald Tramp davrida ham AQShning NATOga sodiqligiga ishonishni davom etayotganini ta’kidladi. "Hozirgi paytda mening eng katta vazifam qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini tezkor ta’minlashdir va men buni barcha mavjud vositalar yordamida amalga oshirishim lozim. Albatta, avvalo Germaniya va Yevropada nimalar borligini ko‘rib chiqamiz. Agar u yerda kerakli narsalar topilmasa, vaqt cheklovlarini hisobga olgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lsa, AQShdan xarid qilishga majbur bo‘lamiz. 2029 yil bizning maqsadli sanamiz va biz shu vaqtga tayyor bo‘lishimiz shart," deya ta’kidladi u.
Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlariga hujum qilgan taqdirda AQShga ishonch bildirasizmi, degan savolga general: "Ha, albatta," deya javob berdi. U yaqinda AQShga tashrif buyurganini va hamkasblari orasida NATOdan uzoqlashish alomatlarini sezmaganini aytdi. "Men NATOga a’zo barcha davlatlarning shtab boshliqlari bir-biriga yaqinlashayotganini kuzatdim. Ular hamjihatlikni mustahkamlashga intilmoqda, oldingi yillarga nisbatan ko‘proq maslahatlashmoqda va tahliliy xulosalar almashmoqda," deya ishonch bilan ta’kidladi Broyer.