BMTning Venadagi Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi yillik hisobotida aytilishicha, ketaminning noqonuniy savdosi bo‘yicha Germaniyadan faqat Niderlandiya oldinda bormoqda. Ketamin qonuniy tibbiy preparat bo‘lishiga qaramay, undan tibbiy bo‘lmagan maqsadlarda foydalanish keng tarqalgan. Ko‘pincha u boshqa noqonuniy moddalar bilan birgalikda iste’mol qilinadi, bu esa yuqori xavf omiliga aylanib, o‘limga olib kelishi mumkin.
Germaniyada, Yevropaning ba’zi boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi, ketamin aylanmasi narkotik moddalar to‘g‘risidagi qonun (Betäubungsmittelgesetz) bilan emas, balki unga nisbatan yumshoqroq bo‘lgan dori vositalari to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadi, deb qayd etiladi BMT boshqarmasi hisobotida. Shu bilan birga, ketaminning katta qismi qora bozorga Hindistondan kirib keladi.
So‘nggi yillarda dunyoda ketamin iste’mol qilish hajmi o‘sib bormoqda, garchi u kannabis, kokain va amfetaminga qaraganda hali ham kamroq tarqalgan modda bo‘lib qolmoqda.
Boshqarmaning 2024 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar soni 10 yil ichida qariyb 30 foizga o‘sib, taxminan 331 million kishiga yetgan. Geroin va boshqa opioidlarni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq vaziyat nisbatan barqaror bo‘lib turgan bir paytda, kokain hamda uning o‘ta xavfli turi bo‘lgan krek iste’moli sezilarli darajada oshgan.