Germaniya hukumati migrasiya siyosatini qat’iylashtirish va’da qilinganini amalga oshirishga kirishdi. Bild xabariga ko‘ra, birinchi marta chegarada to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshpana so‘rab murojaat qilishga uringan muhojirlar ortga qaytarilgan.
Ikki kun davomida, 8 va 9 may kunlari polisiya 365 ta noqonuniy kirish urinishini qayd etdi. Natijada 286 kishi ortga qaytarildi va Germaniyaga kirishga ruxsat berilmadi.
Avvalroq ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt vizasi bo‘lmagan yoki qalbaki hujjatlar bilan kirgan odamlar boshpana olish istagiga qaramay, chegarada to‘xtatilishini buyurgan edi. Biroq, istisnolar belgilandi: homilador ayollar, bolalar va kasallar zudlik bilan deportasiya qilinmadi.
Dobrindt chegarada xavfsizlik choralarini ham kuchaytirib, polisiya xodimlari sonini 11 mingdan 14 mingga oshirdi.
Kansler Fridrix Mers, o‘z navbatida, "Germaniya xavfsiz davlatlar bilan o‘ralgan" va "boshpana so‘rovlari mamlakat tashqarisida ko‘rib chiqilishi kerak" deb ta’kidlaydi. Biroq, yangi yondashuv Polshada norozilik va hukmron koalisiya ichida, ayniqsa SPD tomonidan qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ldi.